14-sentyabr matematik olim, akademik Shavkat Ayupov tavallud topgan

Taniqli matematik olim, akademik, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Ayupov Shavkat Abdullayevich 1952-yil 14-sentyabrda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan.

1974-yil Toshkent davlat universitetining matematika fakultetini tugatgan. 1977-yilda nomzodlik, 1983-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qilgan.
Turli yillarda Toshkent davlat universitetida oʻqituvchi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida katta ilmiy xodim, Algebra va analiz boʻlimi mudiri, direktor oʻrinbosari, direktor, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi raisi kabi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 
Olimning asosiy ilmiy ishlari funksional analiz va uning zamonaviy tarmoqlaridan biri hisoblangan operatorlar algebralari nazariyasiga oid. Akademik Sh.Ayupov Yordan algebralari sohasida ham nazariy, ham tatbiqiy yoʻnalishda yirik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirdi. Gilbert fazosidagi oʻz-oʻziga qoʻshma operatorlar Yordan algebrasi tuzilishi va qurilishi boʻyicha muhim natijalar oldi.
2003-yilda Jahon Fanlar akademiyasi akademigi, 2008-2013-yillarda Italiyaning Triyest shahridagi Abdussalom nomidagi Nazariy fizika xalqaro markazining (ICTP) dotsent aʼzosi bo‘lgan. 2020-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi.
Sh. Ayupov 1996-yil “Shuhrat” medali, 2003-yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2011-yil Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, 2017-yil Fan va texnika sohasidagi 1-darajali Davlat mukofoti sohibi, 2021-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

Akademik Shavkat Abdullayevichni bugungi tavallud ayyomi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan chin dildan qutlaymiz. Ularga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, matematika fani, o‘zbek ilm-fani, Fanlar akademiyasi rivojida sobitqadamlik, kuch-g‘ayrat tilaymiz.