Umumiy va noorganik kimyo institutida press-tur va "Ochiq eshiklar kuni" oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida press-tur “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbirda OAV vakillari, talabalar, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

 

 

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — institutda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va ularning amaliyotga joriy etilish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish.

Tadbir davomida ishtirokchilar institut laboratoriyalari, zamonaviy asbob-uskunalar va amaliy tadqiqot natijalari bilan tanishdilar. Shuningdek, olimlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ilmiy ishlanmalarning iqtisodiyot tarmoqlarida qo‘llanilishi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilarga mahalliy xom-ashyo asosida yaratilgan, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi avlod biofaol stimulyator taqdim etildi. Mazkur ishlanma paxta, g‘alla, meva-sabzavot, poliz ekinlari, dukkaklilar, shuningdek mevali daraxtlar va ko‘katlarda qo‘llanishi mumkin.

Ushbu mahsulotning asosiy afzalligi — uning tarkibidagi mis ionlari oddiy tuz ko‘rinishida emas, balki organik kislotalar bilan bog‘langan biofaol kompleks shaklida ekanidadir. Bu esa o‘simliklarga “yumshoq”, biroq samarali ta’sir ko‘rsatib, ozuqa moddalarining “kuyib ketishi”ning oldini oladi, foydali tuproq mikroorganizmlariga zarar yetkazmaydi hamda ekologik jihatdan xavfsiz hisoblanadi.

Mazkur press-tur ilm-fan va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek jamoatchilikni innovatsion ishlanmalar bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.