Turkiy xalqlar madaniyati va tarixini targʻib qilish yoʻlidagi hamkorlik

Bugun, 8-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bexzod Yuldashev Xalqaro turkiy akademiyasi prezidenti Fuzuli Majidli bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov va Xalqaro turkiy akademiyasi doimiy kotibi Asxat Kessikbayevlar ham ishtirok etd.

Uchrashuv davomida mehmonlarga Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xususan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati va adabiyotiga doir qilinayotgan ilmiy ishlar xususida maʼlumotlar berildi.

Oʻz oʻrnida ular ham Ostona shahridagi Xalqaro turkiy akademiyasini qadim davrlardan to hozirgi kungacha boʻlgan turkiy dunyo tarixi, tili, adabiyoti va madaniyatini tadqiq qilish, turkiy oʻlkalarning dunyo sivilizatsiyasidagi oʻrni va hissasini birlamchi manbalar asosida yorituvchi butun turk dunyosiga aloqador ilmiy tadqiqotlarni oʻzaro uygʻunlashtiradigan yagona ilmiy markaz vazifasini bajarayotgani haqida soʻzlab berishdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad bugunga qadar kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasini Xalqaro turkiy akademiya aʼzoligiga taklif etishdan iborat ekanligini aytishdi. Turkiy xalqlar tarixini Oʻzbekiston tarixisiz tasavvur qilib boʻlmasligini taʼkidlashdi. Suhbat soʻngida  hamkorlik masalalari va kelgusi rejalar muhokama qilindi.