Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi PF-144-son Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi Qarori bilan “Seysmik xavfsizlik sohasi a’lochisi” ko‘krak nishoni ta'sis etilgan.
Bugun, 17-oktyabr kuni Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda mazkur mukofot soha fidoyilariga topshirildi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda seysmik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ilmiy izlanishlar va amaliy ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi hamda mukofot sohiblarini samimiy tabrikladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ko‘krak nishoni seysmik xavfsizlik sohasini rivojlantirish, ilmiy faoliyatni takomillashtirish va amaliyotda qo‘llash borasida munosib hissa qo‘shgan mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida beriladi.
Taqdirlanganlarni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi jamoasi nomidan samimiy muborakbod etamiz va kelgusi faoliyatlarida yuksak muvaffaqiyatlar tilaymiz!