Rasmiy xabar! Fan va texnika sohasida Davlat mukofotiga nomzodlarni saralash uchun tanlov boshlangani eʼlon qilinmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʼzbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi davlat mukofotlarini taʼsis etish toʼgʼrisida” 2006 yil 25 iyuldagi PF–3781-son Farmoniga asosan hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fan va texnologiyalar boʼyicha respublika kengashi faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida” 2019 yil 27 noyabrdagi 953-son qaroriga muvofiq Fan va texnika sohasida Davlat mukofotiga quyidagi ishlar boʼyicha hujjatlar qabul qilinadi:

 

 - respublika fanini rivojlantirishga ulkan hissa boʼlib qoʼshilgan va xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy-maʼrifiy rivojlanishiga kuchli taʼsir qilgan kashfiyot, ixtiro va ilmiy ishlanmalar, jahon miqyosidagi eng ilgʼor standartlarga mos boʼlgan va amaliyotga katta samara bilan joriy etilgan yangi texnika va texnologiyalar (birinchi darajali mukofot uchun);

 - respublika fanining muayyan tarmoqlarini rivojlantirishga salmoqli hissa boʼlib qoʼshilgan va xorijiy mamlakatlarda eʼtirof etilgan fundamental tadqiqotlar, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va maʼnaviy-maʼrifiy rivojlanishiga sezilarli taʼsir koʼrsatgan ixtirolar, ilmiy ishlanmalar, taʼlim muassasalari uchun darsliklar, ilgʼor standartlarga mos boʼlgan va ishlab chiqarishga samarali joriy qilingan yangi texnologiyalar (ikkinchi darajali mukofot uchun).

 

Tanlovda ishtirok etish shartlari:

Davlat mukofoti shaxsiy xarakterga ega va qoidaga koʼra bitta shaxsga beriladi.

Davlat mukofotiga tavsiya etilgan ishda bir necha shaxsning hissasi hal qiluvchi ahamiyatga ega boʼlgan taqdirdagina Davlat mukofoti mualliflar jamoasiga berilishi mumkin. Mualliflar jamoasi besh kishidan oshmasligi kerak.

Bir necha shaxslar tomonidan bajarilgan ishlarni mukofotga taqdim etishda daʼvogarlar jamoasiga faqat ishni bajarishda bevosita ijodiy ishtiroki eng yuksak darajada va hal qiluvchi ahamiyatga ega boʼlgan asosiy mualliflargina kiritiladi. Mualliflar jamoasi tarkibiga maslahatchilik, maʼmuriy va tashkiliy ishlarni bajargan shaxslarni kiritishga yoʼl qoʼyilmaydi.

Mualliflar jamoasi tarkibiga vafot etgan, lekin ishni bajarilishida qoʼshgan hissasi ahamiyatga ega boʼlgan shaxslar ham kiritilishi mumkin.

Davlat mukofotiga hukumatning boshqa mukofoti bilan ilgari taqdirlangan mualliflar ham istisno tariqasida tavsiya etilishi mumkin.

Davlat mukofotiga koʼrsatilayotgan ilmiy tadqiqotlar matbuotda eʼlon qilingan, texnika va texnologiyalar boʼyicha bajarilgan ishlar ishlab chiqarishga joriy etilgan boʼlishi kerak.

 

Tanlovga quyidagi ishlar qoʼyilmaydi:

ular boʼyicha fan va texnika sohasida oldin Davlat mukofoti berilgan ishlar;

avval koʼrib chiqilgan, biroq Davlat mukofotiga tavsiya etilmagan ishlar.

 

Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar tashkilotlar tomonidan beriladigan Davlat mukofotiga nomzodlar boʼyicha tavsiyanomaga asosan qabul qilinadi.

Tavsiyanoma tegishli tashkilotning rasmiy blankasida tashkilot rahbari tomonidan imzolangan holda taqdim etiladi. Rahbarning oʼzi mukofotga daʼvogarlar tarkibiga kirgan holatdagina xatni rahbarning oʼrinbosari imzolaydi.

Tavsiyanomada quyidagilar koʼrsatilishi zarur:

- muallif (mualliflar jamoasi uchun – har bir muallif)ning familiyasi, ismi va otasining ismi (pasport boʼyicha), tugʼilgan yili va joyi, yashash manzili, ishlash joyi yoki faoliyat turi, ilmiy darajasi va unvoni (mualliflarning familiyalari alifbo tartibida koʼrsatiladi);

- ishning nomi;

- ishning taqdim etilishini asoslovchi natijalar, texnik-iqtisodiy koʼrsatkichlar va maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati, amalga oshirilish koʼlami;

- uning tugallangan, nashr qilingan va va ishlab chiqarishga joriy etilgan vaqti.

 

Tavsiyanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

ishni taqdim etish haqida, uning nomi, mukofotga daʼvogarlarning familiyasi, ismi va otasining ismi koʼrsatilgan holda muassasa ilmiy yoki ilmiy-texnika kengashi majlisining, vazirlik hayʼatining va boshqa tegishli majlislar bayonnomasidan koʼchirma;

talabgor haqidagi maʼlumotnoma (yoki har bir talabgorga — agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan boʼlsa);

talabgorga tavsifnoma (yoki har bir talabgorga — agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan boʼlsa);

fuqarolik pasporti nusxasi (yoki har bir talabgorga — agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan boʼlsa);

asosiy ish joyi boʼyicha kadrlar boʼlimi tomonidan tasdiqlangan talabgorning mehnat daftarchasi nusxasi (yoki har bir talabgorga — agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan boʼlsa);

oliy maʼlumot, ilmiy daraja va unvon toʼgʼrisidagi diplomlar nusxalari (yoki har bir talabgorga — agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan boʼlsa);

asosiy ish joyi boʼyicha tasdiqlangan ilmiy ishlar roʼyxati (yoki har bir talabgorga — agar tavsiyanoma mualliflar guruhining ishlariga berilayotgan boʼlsa);

oldin ijodiy ishlar eʼtirofi sifatida berilgan mukofot(lar) guvohnomasi (guvohnomalari)ning nusxasi;

Davlat mukofotlari toʼgʼrisidagi nizomga muvofiq respublikada fan va texnikani rivojlantirishga qoʼshgan xissasi toʼgʼrisidagi asosnoma (hajmi 10 sahifadan oshmasligi, muallif yoki mualliflar tomonidan imzolanishi kerak) hamda bir sahifalik annotatsiya (elektron varianti bilan);

- ilmiy ishlar, monografiyalar, darsliklarning nashrlari, mashina va mexanizmlar, yangi materiallar, konstruktsiyalar tavsiflari, ishlab chiqarishga joriy etilgan ishlarning dalolatnomalari, ixtirolarning bayonlari, qoʼshimcha chizma, sxema, xarita, fotoalьbom va maketlar, hajmli-fazoviy va boshqa shakllarda chop etilgan nusxalari (taʼlim muassasalari uchun darsliklar boʼyicha tegishli vazirlik va idoralarning xulosalari ilova qilinadi);

mualliflar jamoasi tomonidan bajarilgan ishlar uchun har bir muallifning ishga qoʼshgan ijodiy hissasi aniq koʼrsatilgan, har bir muallif tomonidan imzolangan va tasdiqlangan dalolatnoma;

har bir muallif uchun 4x6 sm. oʼlchamli rangli fotosurat yopishtirilgan xodimlarni hisobga olish varaqasi hamda maʼlumotnoma-obʼektivka va tasifnoma (elektron varianti bilan);

 

Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar uch nusxada taqdim etiladi.

Taqdim etiladigan hujjatlar nusxalarining har bir yigʼmasi alohida jildga solinadi. Chop etilgan ilmiy maqolalar, monografiyalar bir nusxadan ham jildga solinadi. Jild ustiga ishni taqdim etuvchi muassasa nomi, ishning nomi va muallif(lar) familiyasi, ismi va otasining ismi toʼliq yoziladi.

 

Tanlovda ishtirok etish hujjatlar Fanlar akademiyasi tomonidan quyidagi manzil boʼyicha 2021 yilning 25 yanvarigacha qabul qilinadi:

100047, Toshkent shahri,

Yahyo Gʼulomov koʼchasi, 70-uy, 317-xona.

 

Tanlovda ishtirok etish bilan bogʼliq masalalar boʼyicha qoʼshimcha axborot olish uchun quyidagi telefon raqamiga murojaatlar qabul qilinadi – Tel.: 71 – 233-59-46.

 

         Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Fan va texnologiyalar boʼyicha respublika kengashi