Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti va Koreyaning eng yirik ilmiy-texnologik markazlaridan biri — KITECH oʻrtasidagi hamkorlik yashil vodorod energetikasi va ilgʻor payvandlash texnologiyalari yoʻnalishida yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ayni kunlarda FA Materialshunoslik instituti direkori Odilxo'ja Parpiyev Koreyaning eng yirik ilmiy-texnologik markazlaridan biri — KITECHda ilmiy safarda bo'lib turibdi.
Ulsan shahrida joylashgan KITECH filialiga tashrif doirasida:
— Ilgʻor Amaliy texnologiyalar bo‘linmasi faoliyati bilan tanishildi
— MAX-faza va yuqori entropiyali materiallar sintezi taqdim etildi
— Yangi elektroliz texnologiyalarida ushbu materiallardan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
— Institut ishlab chiqqan yuqori sifatli payvandlash flyuslari amalda namoyish qilindi. Ular turli metallar — poʼlat, issiqlikka chidamli, qotishmalar uchun samarali yechim boʼlib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida oʻzbekistonlik olimlar bilan Koreyaning HNiX kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kompaniya Koreyada kemasozlik va ogʼir sanoatda qoʼllaniladigan ilgʼor payvandlash texnologiyalariga ixtisoslashgan.
Oʼzbekiston va Koreya oʼrtasidagi fan va texnologiya sohasidagi bu kabi hamkorliklar nafaqat yuqori texnologiyali tarmoqlarni shakllantirishga xizmat qiladi, balki ikki mamlakatning jahon ilm-fan va sanoat maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.