Akademik Po‘lat Habibullayevning 90 yilligi munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi

Akademik Po‘lat Habibullayev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi tashkil etildi. Tadbirda Fanlar akademiyasi jamoasi, ilmiy tashkilot rahbarlari hamda yosh olimlar ishtirok etdi.
Tadbirni FA prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi. U o‘z nutqida ustoz olimning boy ilmiy merosi va u bilan bog‘liq iliq xotiralarni yodga oldi.

Shuningdek, akademikning shogirdlari va hamkasblari ham so‘zga chiqib, uning ilm-fan rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, insoniy fazilatlari haqida o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida akademik Po‘lat Habibullayev yaratgan ilmiy maktab hamda uning xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yuksaltirishdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

 

  

Ma’lumot uchun:
Po‘lat Qirg‘izbayevich Habibullayev — o‘zbek ilm-fanining yirik namoyondasi, taniqli fizik olim, fan tashkilotchisi va davlat arbobi. U 1936-yil 14-oktyabrda Andijon viloyatida tug‘ilgan.
1960-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining fizika fakultetini tamomlagan. 1964-yilda nomzodlik, 1971-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Turli yillarda oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda faoliyat yuritib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan. 1972-yilda Andijon paxtachilik instituti rektori etib tayinlanib, uni ilg‘or ilmiy-ta’lim markaziga aylantirgan.
1978-yildan Yadro fizikasi institutiga rahbarlik qilgan. Uning boshqaruvi ostida institut modernizatsiya qilinib, yadro fizikasi, lazer optikasi, yarimo‘tkazgichlar va boshqa zamonaviy yo‘nalishlar jadal rivojlantirildi.
Akademik Poʻlat Habibullayevning hayoti va faoliyati - bu nafaqat ilmiy yutuqlar tarixi, balki milliy ilm-fanni institutsional rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi avlod olimlarini tarbiyalash maktabidir. Uning 90 yillik yubileyini munosib nishonlash: yoshlarni ilm-fanga jalb etish, milliy ilmiy maktablarni mustahkamlash, buyuk olimlar merosini keng targʻib qilish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi.