“2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʼgʼrisida”gi Farmon qabul qilindi

Maʼlumki, joriy yil 28-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026-yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʼgʼrisida”gi PF-60-sonli Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonda qonun ustuvorligini taʼminlash, yoshlarni qoʼllab-quvvatlash, ilm-fanni rivojlantirish, maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, xavfsizlik va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, qisqa qilib aytganda, respublikamizni har tomonlama rivojlantirish orqali jamiyatimizda inson qadrini ulugʼlashdek yuksak maqsad koʼzlangan.

Xususan, strategiyaning 51-maqsadida iqtisodiyotga innovatsiyalarni keng joriy qilish, sanoat korxonalari va ilm-fan muassasalarining kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda mavjud analoglaridan 50 foizgacha arzonlashtirilgan va sifatli, xomashyo narxiga nisbatan 2-3 baravar yuqori qoʼshilgan qiymat yaratadigan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini oʼzlashtirish, shu jumladan, umumiy qiymati 165,9 milliard soʼmlik jami 195 ta loyihani amalga oshirish vazifasi ham borki, bu ilm-sohasining har bir vakiliga alohida masʼuliyat yuklaydi.

Shuningdek, Farmon bilan “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida har bir davlat organi va tashkiloti oldiga qator vazifalar qoʼyilgan. Jumladan, Fanlar akademiyasiga ham qator vazifalar belgilanganki, pirovardida ilm-fan rivoji turibdi. Xususan, vodorod energetikasi, qishloq xoʼjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, urugʼchilik va koʼchat yetishtirish boʼyicha milliy dasturni amalga oshirish, Toshkent shahrida turizmni yanada yaxshilash maqsadida shaharning 12 ta darvozalarining tarixiy koʼrinishlari tiklash ishlari, tarix fanini 2030-yilgacha rivojlantirish kontsepsiyasini amalga oshirish, xorijiy davlatlarda oʼzbek tili, madaniyati va milliy anʼanalarimizni keng ommalashtirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlashdan iborat boʼlgan Аlisher Navoiy xalqaro institutini tashkil etishni tezlashtirish kabi muhim yoʼnalishlar belgilangan.

Mazkur Farmon va shu asosida tasdiqlangan davlat dasturi inson qadrini ulugʼlash, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, jahon hamjamiyati munosib oʼrinda boʼlishini taʼminlaydigan aniq maqsadga qaratilgan dastak boʼladi, desak mubolagʼa boʼlmaydi.