"Yashil" kelajak sari: o‘zbek olimlaridan parchalanuvchi plyonka

Bugungi kunda plastik chiqindilar tuproq va suv havzalarini yillar davomida ifloslantirib, global ekologik muammoga aylanmoqda. Ekologik muammolarga yechim sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti Yuqori molekulali oʻsimlik moddalari kimyosi laboratoriyasi olimlari tomonidan mahalliy o‘simliklarning suvda eruvchi polisaxaridlari asosida ekologik toza, to‘liq bioparchalanadigan plyonkalar olishning yangi optimal retsepturasi ishlab chiqildi.

Ushbu plyonkalar tashqi ko‘rinishi va mexanik xossalari jihatidan sintetik polietilen plyonkalarga o‘xshash bo‘lsa-da, tabiat uchun mutlaqo xavfsiz. Ular tuproq va suv muhitida oson parchalanib, atrof-muhitga zarar yetkazmaydi.
Eng muhimi, bu bioplyonkalar oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida qo‘llash uchun istiqbolli bo‘lib, plastik chiqindilar muammosini kamaytirishda muhim qadam bo‘la oladi.

Mazkur ishlanma plastik chiqindilar bilan bog‘liq ekologik muammolarni kamaytirishda muhim ilmiy-amaliy yechim hisoblanadi. Mahalliy o‘simlik xomashyosi asosida ishlab chiqilgani, atrof-muhit va inson salomatligi uchun xavfsizligi ushbu ishlanmaning dolzarbligini yanada oshiradi. Bu yangilik yashil iqtisodiyot va barqaror kelajak sari tashlangan muhim qadamdir.