Sanoat chiqindilaridan kompozitsion sement olishning “yashil texnologiyasi”

O‘zR FА Umumiy va noorganik kimyo instituti va Bigrimm Technology Group (Beijing.China) o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida qora metallurgiya va energetika sanoati chiqindilari-“O‘zmetkombinat” mikrokremnezemi, cho‘michdagi, pechdagi, qayta ishlangan po‘lat eritish toshqollari va Аngren IES kul toshqollaridan kompleks foydalanib, gibrid qo‘shimchalar va ularni qo‘llab kompozitsion portlandtsementlar olish texnologiyasi ishlab chiqildi. 

Ushbu qo‘shimchalardan 25-45% qo‘shilgan “yashil” kompozitsion portlandtsementlarning markasi 400 va 500. Ularning yiriklashtirilgan to‘plari “Ohangarontsement” АJ va “Bekobodtsement” АJ larning laboratoriyalarida ijobiy natijalar bilan nazorat sinovidan o‘tkazilgan va tegishli xulosalar olingan.

Tadqiqot natijalarning samaradorligi: 

Yiliga 1,0 mln. tonna PTs 400-KD 45 markali kompozitsion portlandtsement ishlab chiqarilganda iqtisodiy samaradorlik -100 mlrd. so‘mdan ziyod bo‘ladi.

Ushbu “yashil” texnologiya qora metallurgiya va energetika sohasi chiqindilarini samarali qayta ishlash, sement ishlab chiqarishda klinker sarfini kamaytirish, mahsulot tannarxini tushirish va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish orqali barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi.