Fanlar akademiyasida biofizika sohasidagi yetuk olim, akademik Aripov Tohir Fatixovich tavalludining 80 yilligi munosabati bilan Hukumat vakillari ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda akademiklar, taniqli davlat va jamoat arboblari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, talabalar va olimning shogirdlari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zR FА birinchi vitse-prezidenti-bosh ilmiy kotib, akademik Shomansur Sagdullayev tantanali tadbirni ochib berdi. U o‘z nutqida so‘nggi yillarda o‘zbek ilm-faniga berilayotgan eʼtibor haqida gapirib o‘tdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov Davlatimiz Rahbarining tabrigini hamda akademikni ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, biofizika yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan ko‘plab muhim ixtirolar, ilg‘or innovatsion g‘oyalarni muvafaqqiyatli amalga oshirishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tayyorlashdagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan mukofotlanlash to‘g‘risidagi Farmonini o‘qib eshittirdi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar olimning ilmiy ishlari, o‘zbek ilm-faniga, biofizika sohasiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etishdi. Olimni qutlug‘ 80 yoshi hamda Davlatimiz Rahbarining yuksak mukofoti bilan qutladilar. Akademik T.Aripovga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, ilmiy faoliyatlarida muvafaqqiyatlar tiladilar.