O‘tgan asrlar izidan — zamonaviy texnologiyalar bilan: Turk dunyosi arxeologlari birlashmoqda

Turk dunyosining yetakchi arxeologlari Anqarada joylashgan Gaziantepe universitetida yig‘ilishdi. Tadbir doirasida olimlar universitet laboratoriyalarining ilmiy faoliyati, zamonaviy arxeologik uskunalar va tajriba almashish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur tashrif Gaziantepe shahrida bo‘lib o‘tgan Turk dunyosi arxeologik tadqiqot institutlari va markazlari assotsiatsiyasi (ARICA)ning ikkinchi yig‘ilishidan oldin tashkil etilgan. Maqsad — ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kuchaytirish, yangi arxeologik metodlarni muhokama qilish va qo‘shma tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yishdir.

Uchrashuvda Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya va Mo‘g‘ulistondan taniqli arxeologlar va ilmiy markazlar vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Delegatsiyalar Gaziantepe universitetining arxeologiya, antropologiya, radiokarbon tahlil va restavratsiya laboratoriyalarida olib borilayotgan ishlanmalar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashishdi. Shuningdek, arxeologik merosni raqamlashtirish, eksponatlarni saqlash texnologiyalari va xalqaro ekspeditsiyalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.   

“Bu yerda ilmiy tadqiqotlar, laboratoriyalar ish faoliyati yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. O‘ylaymizki, turk arxeologlari xalqaro ekspeditsiyalar tashkil etish, kadrlar almashinuvi kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlashadi. Bu, o‘z navbatida, umumiy tariximizni o‘rganishda yangi imkoniyatlar yaratadi”, — dedi Farhod Maqsudov.

Mazkur uchrashuv Turk dunyosi mamlakatlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, arxeologik izlanishlarni yangi bosqichga ko‘tarish va tarixiy merosni saqlashda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekistonlik arxeologlarning xalqaro miqyosdagi bunday tadbirlarda faol ishtiroki milliy ilm-fanimiz nufuzini oshirishga xizmat qiladi.