“Markaziy Osiyo asrlar osha: jamiyat, madaniyat, matnlar” monografiyasi taqdimoti o‘tkazildi

O‘zR FA Milliy arxeologiya markazida Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti bilan hamkorlikda  “Markaziy Osiyo asrlar osha: jamiyat, madaniyat, matnlar” (Central Asia Through the Centuries: Society, Culture, Texts. Essays in Honor of Prof. Dilorom Alimova / Ed. by Marianne Kamp and Florian Schwarz. Tashkent  & Vienna: Akademnashr, 2025. 400 p.) xalqaro jamoaviy monografiyasi taqdimotini o‘tkazildi.

 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tarix fanida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi: avvallari kam o‘rganilgan mavzularni tadqiq etish, tarixni bir yoqlama rivojlanishidan fanlararo yondashuvlardan foydalangan holda o‘rganish jadallashdi. Ilgari noma’lum bo‘lgan manbalarni ilmiy muomilaga kiritish imkoni paydo bo‘ldi. Bu esa O‘zbekiston tarixchi-olimlariga gumanitar sohadagi eng ilg‘or jahon yutuqlari misollaridan kelib chiqib, yangi tadqiqot g‘oyalarini ilgari surish va ularni muvaffaqiyatli hal yetish imkonini berdi. Qolaversa, bularni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni ahamiyati va o‘rni ortib bormoqda.

Bugungi tadbir aynan shunday hamkorlikning natijasi bo‘lgan, “Markaziy Osiyo asrlar osha: jamiyat, madaniyat, matnlar” nomli xalqaro jamoaviy monografiyaning tadqimotiga bag’ishlangan. Monografiya mualliflari O‘zbekiston, Avstriya, AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog’iston, Tojikistonda faoliyat yurituvchi 20 dan ziyod yetuk mutaxassislardir. Monografiyada Markaziy Osiyo va O’zbekiston tarixining turli jihatlari yoritilgan. Xususan, mualliflar “O‘rta asrlar va mustamlaka davrlarida diplomatiya va matn an’analari”, “O‘zgarishlar dinamikasi: XIX-XX asrda Markaziy Osiyodagi siyosiy va intellektual harakatlar”, “1917-yildan keyingi Markaziy Osiyo: siyosiy evolyutsiya, o‘ziga xoslik dinamikasi va migratsiya namunalari”, “Markaziy Osiyoda madaniy vorisiylik va o‘zgarishlar”, hamda “Davrlashtirish, konsepsiyalar va tarixshunoslik” kabi beshta mavzuli qismlarda o‘z tadqiqotlarini olib borganlar. Ushbu tadqiqotlarning aksariyati xalqaro hamkorlikda olib borilgan izlanishlarning natijalari bo’lganligini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

Monografiya O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti hamkorligida tayyorlangan bo‘lib, uning ma’sul muharrirlari: professor F. Shvarts (Avstriya) va M. Kamp (AQSh) hisoblanishadi. Taqdimotda Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti xodimlari xususan, direktor professor F. Shvarts ham ishtirok etdi. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar ushbu monografiyaning yaratilishi, hamkorlikda erishilgan yutuqlar hamda kelajakdagi vazifalar haqida fikr yuritishdi.

Monografiya olimlar, respublika oliy o‘quv yurtlari tadqiqotchilari va professor-o‘qituvchilari hamda tarix, sharqshunoslik, arxeologiya, san’at tarixi, fan uslubchiligi yo‘nalishlaridagi talabalarga mo‘ljallangan.