Janubiy O‘zbekiston – neandertal odam yashagan makon

Xatak g‘ori Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanidagi Xatak qishlog‘i yaqinida, shu nomdagi daryoning oʻng qirgʻogʻida joylashgan. U 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi doktoranti Xoliyor Oynazarov tomonidan petrogliflarni qidirish jarayonida topilgan. Yodgorlik o‘sha yili Milliy arxeologiya markazi, landshaft arxeologiyasi bo‘limi xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Oʻrganish va dastlabki qazishmalar 2022-yil iyun oyida oʻtkazilgan.

G‘or Xatak daryosining o‘ng qirg‘og‘ining vertikal qoyaning yuzasida 15-20 m balandlikda hosil bo‘lgan va unga kirish juda qiyin. G‘or joylashuvining bu tabiiy xususiyati uni keyingi davrlarda odamlar va hayvonlar  tashrifidan himoyalab, tosh davri odamlarining hayot izlarining saqlanishini ta‘minladi. Arxeologiyada bu juda kam uchraydi. Darhaqiqat, g‘orning atiga 10-15 sm qalinlikdagi kulrang chirindili quruq kukunsimon tuproqdan iborat madaniy qatlamida, arxeologik topilmalar bilan birga 100-60 ming yil oldin yashagan neandertal odami hayotining to‘liq va buzilmagan manzarasi saqlanib qolgan. O‘tgan o‘n ming yillar davomida madaniy qatlamning organik qoldiqlari (teri, yog‘och va boshqalar) chirigan va chirindiga aylangan, ularda faqat tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari va kul hamda dumaloq o‘choq qoldiqlari qolgan.

 

Butun toʻrtlamchi davrda Oʻrta Osiyoda sodir boʻlgan faol orogenez jarayonining navbatdagi tektonik koʻtarilishi davrida Xatak daryosi qirgʻoqlari keskin koʻtarilib, daryo oʻzi o‘zanini chuqurlashtirgan, bu esa g‘orga na hayvonlar, na odamlar yetib boʻlmaydigan qilib qoʻygan. Xatak gʻorining toshga ishlov berish texnikasi Teshik-Tosh yodgorligidagi kabi. Ammo 1939-yilda olib borilgan qazishmalarda Teshik-Toshning barcha madaniy qatlamlari vayron qilingan. Hozirda tabiiy fan yutuqlaridan foydalangan holda arxeologik tadqiqot usullari ancha oldinga siljidi. Madaniy qatlamning o‘zi bizga bu erda yashagan neandertallar davrining muhiti va iqlimi (palinologiya va paleogeografiyasi) haqida ma‘lumot berishi mumkin. Yevropaning oʻrta paleolit davri gʻorlaridan birining madaniy qatlamlarida uch xil turdagi neandertal odamining genomlari qoldiqlari topilgan. Bu bizga Xatakda yashagan neandertal odami genomini aniqlash uchun ajoyib imkoniyat beradi. Bu noyob arxeologik yodgorlik kelajak uchun saqlanishi kerak.

Neandertallar oilasi bu yerda qisqa muddat yashagan. Mavjud madaniy qatlam qalinligi 10-15 sm dan oshmaydi. Teshik-Tosh gʻorida madaniy qatlamning umumiy qalinligi 1,5 m ga yetgan va 5 ta alohida madaniy qatlamga boʻlingan.