O‘zbekiston Fanlar akademiyasida АQSh elchixonasi vakillari bilan hamkorlik masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda АQSh elchixonasi ko‘magida yadroviy energetika sohasida manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik bo‘yicha maslahatchi (Nuclear Stakeholder Engagement Consultant), doktor Kelle Barfild yadroviy energetika sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, jamoatchilik bilan samarali muloqot olib borish va strategik hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z tajribasi va tavsiyalarini taqdim etdi.
Shuningdek, uchrashuvda АQSh elchixonasining vakillari bilan qator ilmiy va amaliy yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, tuproq sho‘rlanishi bo‘yicha tadqiqotlar, mamlakatning raqamli tabiiy xaritasini yaratish, kimyo sohasidagi qo‘shma loyihalar, biotexnologiya va genomika, “yashil” texnologiyalar hamda arxeologiya yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar va loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fan va texnologiyalar sohasida zamonaviy yechimlarni birgalikda ishlab chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalar doirasida doimiy muloqot va hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Fanlar akademiyasi va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi bunday uchrashuvlar nafaqat ilmiy salohiyatni mustahkamlash, balki barqaror taraqqiyot yo‘lida innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.