Diqqat! Sayt test rejimda ishlamoqda.

Maydanak rasadxonasi
Maydanak rasadxonasi

Maydanak tog‘ rasadxonasi О‘zR Fanlar akademiyasi yuqori tog‘ astronomik observatoriyalari Kitob majmuining tarkibiy qismlaridan biridir. Rasadxona Maydanak tog‘ining g‘arbiy qismida (tog‘ balandligi 2650 m.), Qashqadaryo viloyatining Kitob aholi punktidan 55 km. janubda joylashgan. Rasadxonaning umumiy maydoni tahminan 32 gektarni tashkil etadi. AZT-22 kо‘zgu teleskoplari (kо‘zgu diametri 1.5-metrga teng) va Karl Seyss-Yen firmasining 1-m teleskopi rasadxonaning asosiy qurollari hisoblanadi.
Kichik qurollar ham bor. Bular – Seyss firmasining  obyektiv diametri 30-sm bо‘lgan 60-sm raqamli ikkita teleskop. Teleskoplarning deyarli barchasi shaxsiy kompyuterlar bilan ta’minlangan. AZT-22 teleskopi Rossiyada, LOMOda tayyorlangan bо‘lib, rasadxonaning eng yuqori nuqtasiga о‘rnatilgan.  Hozirgi kunda mazkur instrumentda AQShning Pitsburg universiteti va Rossiya MDU SHDAI olimlari bilan hamkorlikda gravitatsion linzalar, kvazarlar va galaktikalarni kuzatish amalga oshirilmoqda.    
1-teleskopda Galaktikaning shimoliy qutb va Quyosh atrofidagi tumanliklar sohasida qorong‘udagi о‘zgaruvchan yulduzlarni rangli suratga  tushurish ishlari amalga oshirilmoqda. 60-sm teleskopida qorong‘udagi о‘zgaruvchan yulduzlar, sefeid va Yupiter yо‘ldoshlari ustidan kuzatishlar olib borilmoqda. AFR-1da yulduz hosil bо‘luvchi hududlar va tarqoq yulduzlarning suratlari olinadi. Ushbu kuzatishlarda SHDAI astronomlari faol ishtirok etmoqdalar. Rasadxonada kamdan-kam kuzatiladigan hodisa – 1994-yilning 16-iyulidan 22-iyuligacha Shumaxer-Levi  9 kometasining Yupiterga qulashi kuzatildi. Qora dog‘lar hosil bо‘lishiga olib kelgan kometaning tarqalishi lavhalari qayd qilindi. 
Yulduzlarning atmosferada qayd etilgan yuqori sifatli tasviri  va rasadxonada tiniq oqshom vaqtining kо‘pligi bir necha kuzatuv dasturlarini amalga oshirish imkonini beradi. AZT-22 teleskopida 0.3" burchak ruxsatli galaktikadan tashqaridagi obyektlar hamda 23 yulduz kattaligidagi zaif obyektlarning tasviri olinadi. О‘zgaruvchan yulduzlarning sifatli fotometriyasi ma’lumotlarni samarali tо‘plash va yulduzlar jilosining kuchsiz variatsiyalarini ochish hamda bir qator fotometrik imkoniyatlarni beradi.
Hozirgi kunda Seyss firmasining yana bir 1-m teleskopini ishga tushurish rejalashtirilmoqda. Bu kuzatish imkoniyatlarini kengaytirib, ikkita bir xil teleskop asosida yulduzlar interferometrini yaratish imkoniyatini beradi. Mazkur loyihani amalga oshirishda Ukraina va Fransiya olimlari ishtirok etmoqdalar.