Yadro tibbiyoti usullari tibbiyotda aniq tashxis qoʼyish va samarali davolashda juda muhim

Bugungi kundagi zamonaviy tibbiyotning asosiy yutuqlaridan biri yadro fizikasi yutuqlarining tibbiyotga tadbiq etilishidir. OʼzR FА Yadro fizikasi instituti yadro tibbiyot uchun radioizotoplar ishlab chiqaradi.

Yadro tibbiyoti usullari tibbiyotda aniq tashxis qoʼyish va samarali davolashda juda muhim. Аyniqsa, saraton kasalliklarini davolashda bu yoʼnalish katta rolь oʼynaydi. Bundan tashqari, bu selektiv terapiya, yaʼni yadro tibbiyoti usullari kasallik oʼchogʼini davolashda qoʼllaniladi.

 Onkologik jarayonlarning erta diagnostikasi tibbiyotning dolzarb masalasi va ulkan yutuqlaridan biri hisoblanadi. Erta tashxis organizmning kasalliklardan erta va toʼliq xalos boʼlishi uchun zamin yaratadi. Kimyo terapiyasi va bu turdagi dori vositalarini qabul qilishda ular butun organizmga singadi, bu esa nojoʼya taʼsirlarga sabab boʼladi. Radioterapiyada esa preparat manzilli tarzda faqat kasallikdan zararlangan maydonlarga yoʼllanadi. Onkologiya nuqtai nazaridan preparat faqat oʼsma hujayralariga taʼsir qiladi va sogʼlom hujayralarga zarar yetkazmaydi. Shu tarzda sogʼlom hujayralar va, umuman, organizm bu preparatlarning umumiy taʼsiridan zarar koʼrmaydi.

Ikkinchidan, yadro tibbiyotining samarasi juda yuqori. Masalan, hozirgi kunda lyutetsiy-177 asosidagi shunday preparat paydo boʼldiki, ilmiy tadqiqotlar asosidagi maqolalarga tayanadigan boʼlsak, bu preparat taʼsirida baʼzi turdagi oʼsmalardan sogʼayish koʼrsatkichi 99 foizgacha yetishi mumkin. Boshqa uslublar bilan hozircha bunday natijalarga erishib boʼlmayapti.

Soʼnggi 8-10 yil davomida samariy-153 oksabifor preparati keng qoʼllanila boshlandi. Bu preparat suyaklardagi kuchli ogʼriqlar qoʼzgʼatuvchi oʼsmalar metastaz berganda va boshqa suyak kasalliklarida ogʼriqsizlantirish va davolash maqsadida ishlatiladi.

1978-yilda bizda ilk bor texnetsiy-99m radionuklid generatori olingandi. Bu eng universal radionuklid boʼlib, har xil xastaliklarning diagnostikasida ishlatiladi. Bugungi kunda dunyo boʼyicha radionuklidlar ishtirokida oʼtkaziladigan barcha tashxis muolajalarining 85 foizdan ortigʼi aynan texnetsiy-99m yordamida amalga oshiriladi. Texnetsiy-99m radionuklidini olishda ishlatiladigan molibden−99 radionuklidini Yaponiyaga katta miqdorda yetkazib berish boʼyicha “Sumitomo Corporation” va “Chiyoda Technol Corporation” kompaniyalari bilan muzokaralar oʼtkazilmoqda. Bu biz uchun yana bir yangi, yirik eksport bozorini ochish imkonini beradi.