Ukraina kartoshkalari Oʻzbekistonda yetishtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Ukraina qishloq xoʻjaligi Milliy Fanlar akademiyasi aʼzosi Anatoliy Bondarchuk, akademiklar Nikolay Roik hamda Igor Gritsinyak ishtirokida mamlakatlarimizning qishloq hoʻjaligi sohasidagi ilmiy hamkorligini yanada kengaytirishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi, deya xabar qildi Fanlar akademiyasi matbuot xizmati.

Ukraina kartoshka va soya yetishtirish, eksport qilishda dunyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda sohaga chuqur ilmiy yondashuv yoʻlga qoʻyilgan. Har bir hudud va hududiy iqlim sharoitida yetishtiriladigan kartoshka, soya navlarining davlat reyestri ishlab chiqilgan. 2017 yilda respublikada 21.9 million tonna kartoshka hosili yigʻib olindi. Eʼtiborlisi, mazkur xirmonning 98 foizi aholi tomorqa hoʻjaliklarida yetishtirildi.

Mamlakatimizda tomorqa xoʻjaligini ilmiy-innovatsion rivojlantirishga yoʻnaltirilgan saʼy–harakatlar sohada katta muvaffaqiyatlarga erishgan davlatlar tajribasini chuqur oʻrganishni taqozo etmoqda. Olimlarimiz Ukrainaning qora tuprogʻi va iqlimi sharoitida oʻstiriladigan “Bellaroza”, “Dnepryanka”, “Rivyera”, “Ariel”, “Rozara” kabi serhosil, ertapishar, mazali, tovar koʻrinishi chiroyli, ozuqa qiymati yuqori kartoshka navlarini yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtirish, fermer va tomorqa xoʻjaliklarida ekilishini keng yoʻlga qoʻyish, urugʻchilik bazasini yaratish boʻyicha hamkorlikda tadqiqotlar olib borishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuvda yuqoridagi masalalar muhokama qilinib, Oʻzbekiston va Ukraina qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, hamkorlik yoʻnalishlari va istiqbollari tahlil etildi. Kartoshka urugʻchiligini tashkil etish va hosildorligini oshirish, soya yetishtirish texnologiyalari hamda baliqchilik sohasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Ilmiy muzokaralardan soʻng mehmonlar OʻzR Fanlar akademiyasi xodimlari, FA Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va Toshkent viloyati hokimligi vakillari ishtirokida Toshkent viloyatidagi fermer va tomorqa xoʻjaliklarida boʻlib, dehqonlar bilan bevosita suhbatlashdi.

http://www.mahalladosh.uz/post?id=2402