“Poliardez” dezinfeksiya eritmasi

O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan polimer asosli, nanostrukturali, xlorsiz “Poliardez” dezinfeksiyalovchi eritmasini olish texnologiyasi  ishlab chiqildi va o‘zlashtirildi.

Ushbu dezinfeksiyalovchi eritma ma’lum bo‘lgan xlorli vositalardan farqli ravishda yuqori dezinfeksiyalash faolligiga ega bo‘lib zaharsiz, ta’msiz va hidsizdir. Dezinfeksiyalovchi eritmaning ta’sir ko‘rsatuvchi moddasi polimer eritmasi bilan barqarorlashtirilgan kumush nanozarralari hisoblanadi. Polimer-barqarorlashtiruvchi  sifatida respublikamizda ishlab chiqariladigan Na-karboksimetiltsellyuloza qo‘llanilgan.

Zararli ta’siri tufayli dunyoning ko‘pgina davlatlarida man etilgan xlorli vositalardan farqli ravishda “Poliardez” jamoat binolari, jamoat avto- va temir-yo‘l transporti, maktablar, bolalar bog‘chalari, kommunal xo‘jaliklar, ishlab chiqarish maydonlari, supermarketlar, omborlar, basseynlar va boshqa hududlarni  dezinfeksiyalashda qo‘llanilishi mumkin. 

Mazkur ishlanma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3855-sonli “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tijoratlashtirish dasturiga kiritilgan bo‘lib, mazkur texnologiya “FeyhanTeks” MChJ da joriy etilishi rejalashtirilgan.