O‘zbekistonda arxeolog tadqiqotlar

29-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumani xuddi shu mavzuga bag’ishlandi.  

  

So‘nggi ikki yil ichida O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Kofirqala yodgorligida (Samarqand viloyati) yog‘och panno qoldiqlari topilib, ta’mirlandi. Axsikent yodgorligida (Namangan viloyati) kazishma ob’ektlari muzeylashtirildi. Toshbulok yodgorligida (Jizzax viloyati) dengiz sathidan 2000 m balandlikda Qoraxoniylar shahri qoldiqlari topilib, zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganildi.

Samarqandning qadimiy o‘rni Afrosiyob yodgorligidan topilgan ilk o‘rta asrlarga mansub devoriy suratlarni hozirgi zamon talablari asosida ta’mirlandi. Buxoro vohasini qadimdan o‘rab olgan voha devori – Kampir devor qoldiqlari o‘rni ochildi. Poykent shahar yodgorligi atrofida rabot-karvonsaroylarning klassik ko‘rinishi ochib o‘rganildi. Qirqxujra yodgorligida (Namangan viloyati) Farg‘ona vodiysining eng qadimgi shaharlaridan biri kashf qilindi. Termiz shahar yodgorligida yer osti Budda ibodaxonasi va undan “muqaddas stupa”, buddaviy rohib va ma’bularning koldiklari topildi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Kitob tumanlari, Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Nurobod tumanlarining mavjud arxeologik yodgorliklar zamonaviy texnologiyalar asosida ro‘yxatga olindi. Zarafshon vohasi va Amudaryo deltasida olib borilgan tadqiqotlar tufayli Kaltaminor madaniyatining rivojlanishi va uning taraqqiyot yo‘llari, xronologiyasi va yodgorliklarning geologik holatini o‘rganish bo‘yicha yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritildi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti O‘zbekistonning tosh davridan to rivojlangan o‘rta asrlar davriga qadar bo‘lgan moddiy va ma’naviy madaniyat tarixini o‘rganish, tadqiq etilayotgan davrlar xronologiyasi va davrlashtirish masalalarini ishlab chiqish kabi mavzularda ilmiy-tadqiqkot ishlarini olib boradi.