O’zbekiston va Germaniya: respublikamiz florasi uchun raqamli gerbariy yaratish boʻyicha seminar bo’lib o’tdi

2021-yil 23-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti va Germaniyaning Greifswald universiteti qoshidagi Botanika va landshaftli ekologiya instituti, hamda Zukkov nomidagi tabiatni muhofaza qilish xalqaro jamg'armasi hamkorligidagi “O’simlik resurslaridan barqaror foydalanish: Markaziy Osiyo virtual florasi” nomli loyihasining seminari bo’lib o’tdi.

 

Ushbu loyiha doirasida shu kungacha juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi, masalan: “O’zbekiston virtual florasi” veb-interfeysi ishlab chiqildi va O’zbekiston florasining zamonaviy ro’yxati tuzildi. Hozirgi vaqtda tizim taxminan 5700 ta namuna va 1000 ta skanerlangan gerbariy namunalarining yorliq maʼlumotlarini import qildi. Nemis botanik olimlari bilan hamkorlikda 2 marta  ekspeditsiya amalga oshirildi. Botanika instituti tadqiqotchilaridan biri Greifswald universitetida amaliyot o‘tab keldi. 2019-yilda ushbu universitetda Botanika institutining 4 nafar xodimi ishtirokida qisqa muddatli o‘quv seminari o‘tkazildi. Mazkur loyiha doirasida institutning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Loyiha hisobidan Botanika instituti uchun “Lada Pick-up” rusumli avtomashina, server va dala jihozlari xarid qilindi.

Umid qilamizki, bu loyiha botanika maʼlumotlarini, ayniqsa, Markaziy Osiyo florasini raqamlashtirishda muhim qadam boʻladi. Botanika instituti kelgusida ushbu loyihani ishlab chiqishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.