Murakkab tarmoqli yer osti inshootlari seysmodinamik nazariyasi asoschisi

Tursunbay Rashidov 1934-yil 27-mayda Toshkent shahrida tugʼilgan. 1956-yili Oʼrta Osiyo davlat universitetini (hozirgi Oʼzbekiston Milliy universiteti) tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsil olgan. 1964-yilda nomzodlik, 1972-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1984-yilda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylangan.

Isteʼdodli olim oʼzining qariyb 65 yillik ilmiy pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi M.T.Oʼrozboyev nomidagi Mexanika va inshooatlar seysmik mustahkaligi instituti laboratoriya mudiri, Institut direktor, Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti rektori, Fanlar akademiyasi Prezidumi aʼzosi, bosh ilmiy kotibi, akademik-kotibi, vitse-prezidenti va umrining oxirigacha M.T.Oʼrozboyev nomidagi Mexanika va inshooatlar seysmik mustahkaligi instituti laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilib kelayotgan edi.

T.Rashidov - murakkab tarmoqli yer osti inshootlari seysmodinamik nazariyasining asoschisi va muallifi, respublikada seysmik mustahkamlik ilmiy maktabining rahbari, mexanika sohasidagi har tomonlama ilmiy izlanishlarni va uning natijalarini xalq hoʼjaligiga tadbiq qilishning tashkilotchisi, Oʼzbekistonda fan, texnika va oliy taʼlimni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʼshgan jamoat arbobi sifatida tanilgan.

T.Rashidov qurilish mexanikasi, toʼlqin va tebranishlar nazariyasi, deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi, yer osti va yer usti inshootlarining seysmik mustahkamligi, asoslar va zaminlar dinamikasi sohalarida chuqur ustivor izlanishlarning bevosita muallifi sifatida obroʼ qozongan.

Seysmodinamik nazariya va ilmiy ishlar asosida T.Rashidov rahbarligida jahon miqyosida birinchi marotaba seysmik hududlarda yer osti inshootlari uchun qurilish meʼyorlari va qoidalari ishlab chiqildi va respublika miqyosida meʼyoriy hujjat sifatida tasdiqlandi va Toshkent shahri metropolitenining yangi seysmik mustahkam konstruktsiyalarini yaratishga asos boʼldi.

Аkademik T.Rashidovning mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʼishlangan 18 monografiya, 500 dan ortiq ilmiy maqolalari, koʼplab ihtirolar uchun mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorij olimlariga yaxshi maʼlum.

Jonkuyar ustoz sifatida koʼplab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan zahmatkash olimning bevosita rahbarligida 10 ta fan doktori va 40 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlangan.

Аkademik T.Rashidovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun davlatimiz tomonidan Beruniy nomidagi Oʼzbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “Oʼzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Аkademik Tursunboy Rashidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.