2021-yil sentyabr oyining o'rtalarida Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimlaridan iborat "Qanqa ekspeditsiyasi" tomonidan dengiz sathidan 2900 metr yuksaklikdagi G'arbiy Tangritog' (Tyanshan)ning janubi-g'arbiy tizmalaridagi Muzbel dovoni "Ko'kshashir" darasida qoyatosh suratlari topildi.
Bu yerda bir necha tog' echkisi tasvirlari bilan birga 1 satrlik sug'diy yozuv borligi aniqlandi. Oynada ko'rilganda to'g'ri o'qiladigan 5 ta harfdan iborat ushbu yozuv Markazning yetakchi ilmiy xodimi G'. Boboyorov va G'. Muxtorovlar tomonidan sug'diy til va yozuv asosida nwprn "Nav-farn" ("Yangi qut (egasi)" deb o'qildi. Shuningdek, ushbu izlanuvchilar bu yozuvning npprn "Naf-farn" deb ham o'qilishi mumkin ekanligiga urg'u berishdi. np "Naf" so'zi sug'diy tilda "xalq, jamoa, el" degan ma'nolarni bildirib, milodiy III-IV asrlarga tegishli sug'diy yozuvli Choch tangalarida c'c'nnp "Çaçan-naf" so'zi "Choch xalqi, Choch jamoasi" ma'nolarida keladi.
Bundan tashqari, "Chachan-naf" iborasi Kerchevo (RF), Xitoydan topilgan qadimgi chochliklarga tegishli kumush va sopol buyumlarda ham o'rin olgan. Demak, Ko'kshashir sug'diy bitigi qadimgi Choch (Toshkent) jamiyati vakillari tomonidan yozilgan deyish mumkin. Bu esa milodning ilk asrlaridan VIII asrgacha Choch vohasida rasmiy yozuvlardan biri sifatida qo'llanilgan sug'diy til va yozuvning voha bo'ylab tarqalish ko'lami G'arbiy Tangritog'ning tog' ichi daralarigacha yoyilganini ko'rsatadi. Bungacha sug'diy yozuvli sopol va metall buyumlar, muhr va tangalar ko'proq Toshkent vohasining markaziy hududlarida, ayniqsa, vohaning Qanqa, Xonobod kabi qadimiy shahar qodiqlaridan topilgan edi.