Genomika va bioinformatika markaziga press-tur tashkil etildi

Bugun, 17-noyabr kuni OʼzR FА Genomika va bioinformatika markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Markaz oʼsimliklar, mikroorganizmlar va boshqa organizmlar genomini oʼrganish boʼyicha xalqaro darajadagi zamonaviy ilmiy izlanishlar olib borish va ularni natijalarini amaliyotga tadbiq qilish bilan shugʼullanadi.

 

Hozirda Markaz olimlari qishloq xoʼjaligi ekinlari genomining strukturasini oʼrganish, xoʼjalik jihatdan ahamiyatiga ega boʼlgan genlar funksiyasining bioinformatik tahlillarini oʼtkazish, bugʼdoy, anor va uzum oʼsimliklari uchun gen-injenerligi va transgenom texnologiyalarini yaratish, gen va hujayra injenerligi, markerlarga asoslangan seleksiya, genom va virtual seleksiya dasturlarini ishlab chiqish va ular asosida stress omillariga (sovuqqa, qurgʼoqchilikka) chidamli boʼlgan yangi, tolasi yuqori sifatli “genetik boyitilgan” hamda zararkunandalarga chidamli gʼoʼzaning yangi navlarini yaratish boʼyicha ishlarni amalaga oshirishmoqda.

Markaz olimlari tomonidan gʼoʼzani fitoxrom А1 geni uchun birinchi marotaba gen-nokaut texnologiyasi ishlab chiqilib ushbu texnologiya АQSh, Xitoy, Misr, Rossiya va Hindistonda patentlandi. Ushbu texnologiya yordamida tolasi uzun va sifatli, erta pishar, serhosil, qurgʼoqchilik va shoʼrxoklikka chidamli gʼoʼzani yangi “Porloq” navlari yaratildi. Hozirda bu navlar respublika boʼylab keng dalalarda ekilmoqda.

 

Markazda in-vitro mikroklonal koʼpaytirish texnologiyasi yoʼlga qoʼyilgan boʼlib u uzum va anorni qator navlarining koʼchatlarini koʼpaytirishda ishlatilmoqda. Hozirda bu texnologiya yordamida fermerlar uchun viruslardan holi va sogʼlomlashtirilgan uzum va anor koʼchatlari koʼpaytirilib yetkazib berilmoqda.

Kartoshka eng ustuvor qishloq xoʼjaligi ekinlaridan boʼlib u mamlakatni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyatga egadir. Kartoshkani fitoxrom B genining faoliyatini gen-nokaut texnologiyasi yordamida susaytirish natijasida uning hosildorlgini 26% oshirishga erishildi. Hozirda kartoshkani yangi navlari dala sinovlaridan oʼtkazilmoqda.

 

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari Mazkaz faoliyati va bu yerda amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar bo'yicha o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.