«Davlat tilida ish yuritish» amaliy qoʼllanmasi lotin yozuvida nashr qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda OʼzR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari hamkorlikda “Davlat tilida ish yuritish” kitobi lotin yozuvida 15 ming nusxada nashr etildi.

Kuni kecha Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʼzbek tili va adabiyoti universitetida mazkur qoʼllanma taqdimoti oʼtkazildi. Unda Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari, kitob mualliflari, tilshunos olimlar, vazirlik va idoralar rahbarlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʼyicha maslahatchilari hamda OАV vakillari ishtirok etdi.

 

Аmaliy qoʼllanmada tashkilot va muassasalarning ish jarayonida koʼp ishlatiladigan hujjatlar hamda ularni tuzish qoidalari toʼliq berilgan. Shu bilan birga, qoʼllanmada hujjatlar namunalar bilan koʼrsatilib, u ish yuritishga oid lugʼatlar bilan toʼldirilgan.

Qoʼllanma vazirlik, idoralar va hokimliklarga bepul taqdim etilmoqda.