Buyuk qomusiy alloma al Xorazmiy faoliyati chet ellik olim nigohida

Joriy yilning 20-aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida italiyalik olim Petro Djuzeppe Frening «Число, книги и бесконечность» nomli kitobining taqdimoti boʼlib oʼtdi. Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Matematika instituti, Italiyaning Oʼzbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.

 

Unda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Sharqshunoslik instituti direktori tarix fanlari doktori, professor Bahrom Аbduhalimov soʼzga chiqib, tadbirni ochib berdi. Keyin Italiya Respublikasining Oʼzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Аgostino Pinna soʼzga chiqib, ikki mamlakat oʼrtasidagi aloqalar haqida gapirdi.

Shundan soʼng, kitob muallifi Petro Djuzeppe Fre soʼz olib, kitob haqida yigʼilganlarga qimmatli maʼlumotlarni berdi.

Mazkur kitob matematika tarixi haqida boʼlib, unda matematika bir misoli bir kemaga qiyoslanadi. Ushbu kema esa yillar ummonida sayohat qilib, sohada yetakchi boʼlgan shaxsiyatlar bilan kitobxonni tanishtirib boradi. Unda Platondan tortib, German Veylgacha boʼlgan matematiklar haqida hikoya qilinadi.

Eʼtiborli jihati shundaki, kitobning toʼrtinchi bobi ulugʼ vatandoshimiz, buyuk qomusiy alloma, algebra asoschisi Muhammad ibn Muso al Xorazmiyga bagʼishlangan. Unda allomaning hayot yoʼli, faoliyati haqida qimmatli maʼlumotlar beriladi.

Tadbir OʼzR FА Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Аyupov hamda akademik Аbdulla Аʼzamovlarning maʼruzasi bilan davom etdi.

Taqdimot yakunida yigʼilganlar oʼzlarining qiziqtirgan savollariga kitob muallifidan javoblar oldi.