Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Yarimoʼtkazgichlar fizikasi sohasidagi taniqli olim Аbdurasul Gulyamov olamdan oʼtdi


Yarimoʼtkazgichlar fizikasi sohasining taniqli yosh olimlaridan biri, fizika-matematika fanlari doktori, OʼzR FА fizika-texnika instituti bosh ilmiy xodimi Gulyamov Аbdurasul Gafurovich bor yoʼgʼi 46 yil umr koʼrgan boʼlsada, oʼta yuqori chastotali elektromagnit maydondagi yarimoʼtkazgichli strukturalar dinamikasi va kinetik hodisalarining nazariyasini takomillashtirish boʼyicha bir qator ilmiy ishlar muallifligiga ulgura olgan. Аbdurasul Gulyamov nafaqat olim, balki kamtarin, sodda, beozor, xushfeʼl, qalbi pok va oʼzidan faqat yaxshilik qoldirgan inson sifatida ham tanilgan edi.

Gulyamov Аbdurasul Gafurovich 1974-yil 9-fevralda Namangan viloyati Mingbuloq tumanida ziyoli oilasida tugʼilgan. Otasi Gulyamov Gafur – respublikadagi taniqli olimlardan biri, Namangandagi katta ilmiy maktab asoschisi, fizika-matematika fanlari doktori, Namangan muhandislik-qurilish instituti fizika kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda. Аbdurasul Gulyamovdagi tugʼma isteʼdodning koʼz ochishida, uning yosh olim, fan doktori boʼlib yetishuvida otasining turtkisi sabab boʼlgan.

Аbdurasul Gulyamov 1991-1996-yillar Namangan sanoat – texnologiya institutini muvaffaqiyatli yakunlab, 2 yil harbiy xizmatda boʼlgan. 1997-2011-yillar oraligʼida Namangan Davlat universiteti “Texnik xizmat koʼrsatish” boʼlimi boshligʼi, Namangan muhandislik-pedagogika instituti "Fizika" kafedrasi katta oʼqituvchisi lavozimlarida ishlab kelgan. 2010-yil nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʼldi. Soʼngra, 2011-2014-yillarda Namangan muhandislik-pedagogika institutida dekan muovini, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab, qisqa muddat ichida oʼzining mehnatkashlik, jonkuyarlik va halollik jihatlari bilan butun jamoaga tanilishga ulgurgan.

 Gulyamov Аbdurasul Gafurovich 2014-yil OʼzR FА fizika-texnika institutiga doktoranturaga oʼqishga kirdi va ushbu ilmiy dargohda katta ilmiy – xodim izlanuvchi lavozimida ishlay boshladi. 2017-yil 19-oktyabr kuni “Yarimoʼtkazgichli strukturalarning dinamik xarakteristikalariga deformatsiya va kuchli elektromagnit maydonning taʼsiri” nomli doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʼldi.

Аbdurasul Gulyamov 2017-2019-yillar oraligʼida OʼzR FА fizika-texnika institutida ilmiy ishlar boʼyicha direktor oʼrinbosari lavozimida ham ishladi. Аbdurasul Gulyamov ilm qilishni davom ettirishga, shogirdlarining ilmiy-tadqiqot ishlarida koʼmak berishga ham vaqt topa oldi. Natijada, 1 nafar falsafa doktori (PhD) ga ilmiy rahbar boʼlib, endigina yangi ilmiy maktabni ochishga qadam qoʼygan edi.

Аbdurasul Gulyamov 100 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, fundamental va amaliy davlat grantlari rahbari va ishtirokchisi boʼlgan. 4 nafar farzandning otasi edi.

Isteʼdodli olim Аbdurasul Gafurovich Gulyamovning bevaqt vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!