Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Xalqimiz badiiy tafakkurini oʻzida aks ettiruvchi asar


Oʻzining qadimiy va boy milliy madaniyati bilan jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan oʻzbek xalqi gʻoyat ajoyib folklor anʼanalarini yaratgan. Uning asosiy qismi ogʻzaki ijro sharoitlarida xalq ijodkorlarining aytib va kuylab berishi asosida oʻzbek folklorshunoslari tomonidan yozib olingan.

Joriy yil 24-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida “Nomoddiy madaniy meros obyektlarini himoya qilish, asrash, targʻib qilish va ulardan foydalanish borasida belgilangan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Institut xodimlari tomonidan nashrga tayyorlanayotgan 100 jildlik “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” kitobining 2018 yil davomida nashr etilgan 12 jildi haqida soʻz yuritildi.

  

Ushbu 100 jildlik kitob Institutning noyob ilmiy obyekti – Folklor arxivi materiallari asosida tayyorlanmoqda. Bu muhtasham nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qoʻshiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlari esa terma, afsona, rivoyat, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, ogʻzaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlardan tashkil topadi.

       

Anjumanda soʻzga chiqqanlar bu kitobdagi dostonlar, ertaklar, qoʻshiqlar, latifalar – butun xalq ogʻzaki ijodi namunalari xalqimizning butun orzu-istaklarini, oʻy-kechinmalarini, qolaversa, boy madaniy merosimizni oʻzida aks ettirishi jihatidan ham kelajak avlod uchun juda qimmatli ekanligini taʼkidlashdi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!