O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan uchrashuvi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 24-noyabrda Toshkent shahri saylovchilari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahrida tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari Salixov Sh.I., Aripov T.F., Parpiev N.A., Daminov T.P., Karimov Sh.I., Ayupov Sh.A., Rtveladze E.V., Rashidova S.Sh., Ubaydullaeva R.A. va boshqa yetakchi olimlar ishtirok etdilar. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yurtimizda ilm-fanni rivojlantirish borasida quyidagilarini ta’kidlab o‘tdi, jumladan “ilm-fan va ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tgan nomzod O‘zbekiston Fanlar akademiyasini saqlab qolish, ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan boshqarish va muvofiqlashtirish bo‘yicha yetakchi markaz bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi. U Fanlar akademiyasiga yosh olimlarni keng jalb etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ilmiy muassasalar bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Mazkur jarayonni tezlashtirish va ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy jihozlash uchun har yili 10 million AQSH dollariga yaqin mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun maxsus jamg‘arma ham tuziladi”.

Shavkat Mirziyoyev ilmiy tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish katta muammolardan biri bo‘lib qolayotganini qayd etib o‘tdi. Shu maqsadda poytaxtning Akademiklar shaharchasida «erkin iqtisodiy hudud» maqomiga ega bo‘lgan innovatsiya markazini hamda Toshkent shahrining Olmazor va Yashnaobod tumanlarida kichik biznes uchun innovatsion texnoparklarni tashkil etish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi.