Hozirgi zamon seysmologiyasining dolzarb muammolari

2016-yilning 12-oktyabrida Toshkentdagi «Poytaxt» Biznes-markazida Toshkent zilzilasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tashkil etilganligining 50 yilligiga bag‘ishlangan «Hozirgi zamon seysmologiyasining dolzarb muammolari – TASECO 2016» uch kunlik Xalqaro konferentsiyasi ish boshladi.

Konferentsiya ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti v.b.prof. S.L.Lutpullaev, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari K.M. Aripov, O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot Dasturining Doimiy vakili o‘rinbosari F. Karaxanovlar so‘z olib, bunday shakldagi tadbirning xalqaro darajadagi ekspertlar ishtirokida o‘tkazilishi ahamiyatini ta’kidladilar. 

20  ta mamlakat mutaxassislari o‘z ma’ruzalari va prezentatsiyalarini taqdim etish barobarida o‘zaro tajriba almashadilar hamda seysmik xavf-xatarni baholashning so‘nggi natijalari, zilzilalarni prognozlash muammolari, seysmik xavf-xatarni pasaytirish masalalari va seysmologiyaning ahamiyatga molik bir qator boshqa muammolarini muhokama qiladilar.