Akademik Aziz Qayumov olamdan o‘tdi

O'zbekiston ilm-fani rivojiga o’zining katta hissasini qo’shgan, zahmatkash olim, atoqli fan arbobi, navoiyshunoslik ilmining yetuk namoyandalaridan biri, filologiya fanlari doktori, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Azizxon Qayumov 92 yoshida vafot etdi.

Akademik Aziz Qayumov 1926-yil Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. 1949-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

O‘z mehnat faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida boshlagan olim uzoq yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti direktori, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti bo‘lim mudiri, Madaniyat vaziri, Davlat kinematografiya komiteti raisi, Toshkent davlat madaniyat instituti rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar instituti direktori kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali xizmat ko’rsatgan.

1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. 

Akademik Azizxon Qayumovning mamlakatimiz ilm-fani, adabiyot va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.

Nafaqat o’zbek adabiyotining, balki ilm-fan fidoyisi, ustoz olim Azizxon Qayumov xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Marhumning oila a'zolariga va yaqinlariga Fanlar akademiyasi nomidan chuqur hamdardligimizni bildiramiz.