Akademik Baxtiyar Ibragimov Olmazor tumanidagi 111-maktabda uchrashuv o‚Äėtkazdi

         13-yanvar kuni Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, akademik Baxtiyar Ibragimov o‘zi o‘qigan Olmazor tumanidagi 111-maktabda uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda 150 nafar o‘quvchi, maktab jamoasi, akademikning sinfdoshlari va uni o‘qitgan o‘qituvchilar qatnashdi.

         Uchrashuvni maktabning ma’naviyat-ma’rifat bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sanoat Xaitbaeva olib bordi. Maktab direktori Odina Ziyaeva uning maktabidan akademik chiqqanligi jamoa uchun sharaf ekanligini ta’kidladi.

         Tashrif buyurgan akademik mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, jumladan ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlar, yaqinda yangi akademiklar tasdiqlanganligi, barcha ijobiy o‘zgarishlarning tepasida muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev turganligi ustida to‘xtaldi. Shaxsan o‘zi va Fanlar akademiyasi qo‘lga kiritgan eng muhim natijalardan misollar keltirdi. “Sizlarning asosiy vazifangiz – dedi akademik, yaxshi o‘qish orqali vatanning munosib farzandi va olib borilayotgan yaxshi ishlarning haqiqiy davomchilari bo‘lishdir”. Ma’ruzachi nutqida o‘quvchilarni ilm-fanga qiziqtirishga harakat qildi, agar juda yaxshi o‘qilsa, ular ham kelgusida akademik bo‘lishlari mumkinligini uqtirib o‘tdi. Keyin savol-javobga o‘tildi, akademik berilgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

         Shundan so‘ng o‘quvchilar, maktab o‘qituvchilari va sinfdoshlarning vakillari so‘zga chiqishdi. B.Ibragimov maktabga bir necha ilmiy va badiiy kitob sovg‘a qildi. Uchrashuv so‘ngida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan spektakl namoyish etildi.

         Akademik, uning sinfdoshlari va o‘qituvchilari ularga qadrdon bo‘lgan sinflardan birida yig‘ildilar, o‘qigan davrlarini esladilar. Tadbir bir necha televidenie kanallari orqali yoritildi va esdalik uchun umumiy rasmga tushish bilan yakunlandi.