Akademiklar va muxbir a’zolarga to‘lanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi

Iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilg‘or ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish, joylarda ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda tegishli hududiy va tarmoq muammolarini hal qilishda ularning faol ishtirokini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, xalqaro miqyosda mamlakat ilm-fani nufuzini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. 

Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga oxirgi saylovlar 1995-yilda o‘tkazilgani mazkur farmonning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi. 

Mamlakatimiz Prezidenti, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari hamda sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolari va muxbir a’zolari faoliya­ti­ni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ham imzo chekdi. Farmonda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab: 

O‘zbekiston Respub­likasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari va sobiq O‘zbekiston qish­loq xo‘jaligi fanlari akademiyasining haqiqiy a’zolariga eng kam oylik ish haqining o‘n ikki barobari; 

sobiq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining muxbir a’zolariga eng kam oylik ish haqining sakkiz baro­bari miqdorida oylik gonorar to‘lanishi belgilab berildi. 

Bundan tashqari, akademiklar va muxbir a’zolarga to‘lanadigan oylik gonorarlar jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshiriladi. 
 

Manba: UzA