Akademik Yo.X.To‘raqulov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya to‘g‘risida

2017 yilning 9 noyabr kuni O‘zR Fanlar akademiyasida mashhur biokimyogar olim, akademik Yo.X.To‘raqulov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Yo.X.To‘raqulov mashhur olim, mahoratli lektor hamda O‘zbekiston ilm-fani va sog‘liqni saqlash sohasi tashkilotchisi sifatida mamlakatimiz ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

Yo.X.To‘raqulov turli yillarda yetti tibbiyot instituti, jumladan, Toshkent tibbiyot instituti, O‘lka tibbiyot (endokrinologiya) instituti, rektori, O‘zbekiston FA Yadro fizikasi instituti, Biokimyo instituti direktori va ilmiy rahbari sifatida faoliyat yuritgan. 

Tadqiqotlarning sinchkovligi – Yo.X.To‘raqulov ilmiy izlanishlarining o‘ziga xos xususiyatidir. Masalalarning keng miqyosda qo‘yilishi, tajribalar maqsadining aniqligi, olingan ma’lumotlarning qat’iy mantiqiy tahlili va umumlashmalarning chuqurligi doim Yo.X.To‘raqulov ijodiga xos jihat bo‘lib qolgan.

Yo.X.To‘raqulovning asosiy ilmiy ishlari “Yod almashinuvi va tireoid gormonlari” (1959 y.) hamda “Tireoid gormonlari” monografiyasi (1972 y.) Isroil va AQShda nashr etilgani olim va uning ilmiy maktabi xalqaro miqyosda keng tan olinganidan dalolat beradi.

Yo.X.To‘raqulov 700 dan ortiq ilmiy asarlar, monografiyalar va darsliklar muallifi, uning ilmiy asarlari ingliz tiliga tarjima qilingan va xorijiy davlatlarda chop etilgan. Uning rahbarligi ostida 32 doktorlik va 80 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Akademik Yo.X.To‘raqulov rahbarligi ostida respublikada endokrin kasalliklari, shu jumladan, qandli diabetni tashxislash, oldini olish va davolash bo‘yicha tibbiyot ilmiy-amaliy muassasalarining keng tarmog‘i yaratildi.

Akademik Yo.X.To‘raqulovga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni berildi, olim ikki marta Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi, ko‘pgina ordenlar, jumladan, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari va qator medallar bilan taqdirlandi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017 yil 30 oktyabrdagi PF-5216-sonli Farmoniga muvofiq O‘zR Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga akademik Yo.X.To‘raqulov nomi berildi. Yo.X.To‘raqulovning hayoti va ijodiy faoliyati – ilm-fanga sidqidildan xizmat qilishning yorqin namunasidir.

Konferensiyada ko‘zga ko‘ringan olimlarning biokimyo, amaliy endokrinologiya hamda bir qator o‘zaro yaqin ilm-fan va tibbiyot fanlari sohasida erishilgan so‘nggi ilmiy yutuqlar haqidagi ilmiy ma’ruzalari taqdim qilindi va muhokama etildi.