Fanlar akademiyasida “Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti va Rossiya Federatsiyasi “Rosatom” Davlat korporatsiyasida fan va ta’lim” mavzusida Ishchi kengashi o‘tkazilmoqda

2017 yilning 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna sh.) va Rossiya Federatsiyasi “Rosatom” Davlat korporatsiyasida fan va ta’lim” mavzusida Ishchi kengashning birinchi ish kuni boshlandi.

Kengashni kirish so‘zi bilan O‘zR FA prezidenti, akademik B.S.Yuldashev ochdi, Rossiya tomonidan qatnashayotgan ishtirokchilarni tanishtirdi va FA Yadro fizikasi institutida yadro texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida gapirib o‘tdi.

Kengashda BYaTI yetakchi olimlari, professorlar: Itkis M.G., Lednitski R., Tixomirov G.V. o‘z ma’ruzalari bilan yadro fizikasi, astrofizika, kondensirlangan holat fizikasi, nanotexnologiya va axborot xavfsizligi sohasida BYaTIda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va yutuqlar haqida so‘zga chiqishdi.

Professor Kamanin D.V. o‘zining ma’ruzasida BYaTIda xalqaro aloqalarni rivojlantirish, O‘zbekiston bilan ilmiy aloqalarni mustahkamlash istiqbollari va holatlari haqida hamda BYaTI bilan xalqaro loyihalar kooperatsiyasida O‘zbekiston olimlarining ishtirok etish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

BYaTI O‘quv-ilmiy markazida o‘qish va ta’lim berishni tashkil etish tizimi, mavjud o‘quv bazasi haqida hamda xorijiy davlatlarning talaba-magistrantlarini “Dubna” Universitetga qabul qilinishi to‘g‘risida O‘quv-ilmiy markaz  direktori professor Pakulyak S.Z. so‘zlab berdi.

 

1 noyabr kunining ikkinchi yarmida BYaTI olimlari O‘zR FA Genomika va bioinformatika markaziga tashrif buyurdilar va paxta, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining gen muhandislik sohasida olib borilayotgan ishlanmalari bilan tanishdilar.

Kengash 2 noyabr kuni FAning Yadro fizikasi institutida va 3 noyabr kuni FA Materialshunoslik institutida o‘z ishini davom ettiradi.