Aktual ishlab chiqarish muammolarini hal qilinishida yangi biotexnologiyalarni rivojlantirish

2017 yil 19 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “O‘zbekistonda baliq yetishtirishni ko‘paytirish uchun yangi biotexnologiyalarni rivojlantirish zaruratini biologik asoslash” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.

 Mazkur seminarda O‘zR Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti “Ixtiologiya va gidrobiologiya” laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari nomzodi B.G.Kamilov ma’ruza qildi.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning tabiiy baliq resurslari miqdori va sifati jihatidan g‘oyat kambag‘al bo‘lib, suv havzalarining baliq maxsuldorligi 1-3 kg/ga ni tashkil qiladi.

Texnologiyalarni suvdan majmuaviy foydalanish prinsipi asosida ko‘llarga “bog‘lamoq” kerakligi keltirilgan. Baliqlarning o‘sishi uchun kerakli bo‘lgan barcha to‘yimli moddalarni oluvchi yuqori oqsilli muvozanatlashtirilgan yemlar asosida yetishtiruvchi “intensiv akvakultura”ni rivojlantirish kerak.

Mamlakatimizning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida forel balig‘ini, tekislikda esa tropik baliqlarini ko‘paytirish ob’ektlari sifatida tanlash muammosi muhokama qilingan. Lekin buning bir qator ilmiy muammolarini yechish darkor: sun’iy sharoitlarda ona baliqlarning qishlovi, yangi sharoitlarda yetilish biologiyasining xususiyatlarni o‘rganish, serpushtlik, o‘sish, ovqatlantirish va boshqalar. Har bir turdagi baliqlar uchun aniq nazariy va amaliy tadqiqot masalalarni hal qilish zarurligi keltirilgan.

O‘zbekistonda yangi biotexnologiyalarni rivojlantirish uchun eng amaliy natija beradigan mexanizm bu - baliq resurslariga nisbatan biohilma-hillik bo‘yicha konvensiyani bajarishdir. Biohilma-hillik to‘g‘risidagi konvensiyani imzolanishi bilan davlat va mas’ul idoralarning asosiy yo‘nalishlarini biotexnologiyalarni rivojlanishga yo‘naltirish darkorligi keltirilgan.

O‘zR Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti qoshida intensiv akvakulturaning yangi texnologiyalarini tadqiqot qilish markazini yaratish taklif qilingan. Asosiy strategiya – intensiv akvakulturaning yangi texnologiyalarini yaratish va ularni miqdori jihatidan juda ham cheklangan suv havzalarida jamlash (maydoni ko‘pi bilan 50 000 ga.). Qolgan suv havazalarini (daryolar, kanallar, ko‘plab suv omborlari va ko‘llar) baliq ovlashdan ozod qilmoq va rekreatsion, havaskorlik, sport baliqchiligi va ekoturizm maqsadlarida foydalanish zarur.