O‘zbekistonda nanotexnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari

2017 y. 17 oktyabrda O‘zR Fanlar akademiyasi Prezidiumida “O‘zbekistonda nanotexnologiyalarni rivojlantirish istiqbollari” mavzuida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminarda Akademik K.M. Muqimov ma’ruza qildi. Uning ta’kidlashicha, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligini ta’minlashda muhim qadamdir. Strategiyada ko‘rsatilgan dolzarb vazifalardan biri mahsulotlar va texnologiyalarning mutlaqo yangi turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu asosda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi va ichki bozordagi raqobatbardoshligi oshishini ta’minlashdan iborat. Bunda jahon iqtisodiyotini rivojlantirishda kuchli omil hisoblanmish nanotexnologiyalar yetakchi o‘rin egallashi mumkin.  

Nanotexnologik mahsulotlarning jahon bozori hajmi hozirda bir trillion AQSh dollaridan oshadi. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga qaraganda, 2018 yildan rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotining nanotexnologik mahsulotlar keng tarqalishi bilan bog‘liq holda o‘sishi boshlanadi. Bu jahon iqtisodiyotida ishlab chiqarish ulushi asosiy o‘rin egallaydigan oltinchi iqtisodiyot ukladi yaratilishiga olib keladi. 

O‘zbekistonda beshinchi texnologik uklad texnologiyalariga asoslangan ishlab chiqarish usullari mavjud emas.  Shu munosabat bilan iqtisodiyotning real sektorlarida nanotexnologiyalarni yo‘lga qo‘yish lozimki, ular oltinchi texnologik ukladning asosiy texnologiyalari hisoblanadi.  

Fanlar akademiyasi qoshida nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazini yaratish maqsadga muvofiq bo‘lib, u  nanotexnologiyalarni rivojlantirish va O‘zbekistonda nanosanoatni yaratish uchun tegishli akademik ilmiy tadqiqot institutlari ilmiy salohiyatini birlashtiradi. 

Nanotexnologiyalar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariaro Milliy ilmiy ta’lim markazi yaratilishi oliy o‘quv yurtlarida nanotexnologiyalar sohasidagi ilmiy faoliyatni tashkil etishni tubdan o‘zgartirishga, oliy o‘quv yurtlari fanining O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga amaliy hissa qo‘shishiga imkon beradi. Shuningdek, bu turli ilmiy-texnik yo‘nalishlar oralig‘ida ishlay oladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash uchun ta’lim muhitini shakllantirish imkoniyatini yaratadi.

Shunday qilib, Nanotexnologiyalar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariaro Milliy ilmiy ta’lim markazi, shuningdek Fanlar akademiyasi qoshida Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi tashkil etilishi nanotexnologiyalar yaratilishi, ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi va tijoratlashtirilishi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.