Toshkentda ixtisoslashtirilgan maktab-internat va “astronomiya va aeronavtika” bog‘i tashkil etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Astronomiya instituti qoshida matematika, astronomiya, fizika va informatika fanlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati tashkil etiladi. Maktabda 200 nafar o‘quvchi tahsil olishi hamda 150 o‘rinli turar joy binosi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq 2018-2019 o‘quv yilidan maktabga 7-sinfdan boshlab har bir sinfga 20 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi.

Astronomiya instituti maktabning o‘quv jarayonida yetakchi mutaxassislar ishtirokini ta’minlaydi, mavjud asbob-uskunalardan foydalangan holda astronomiya bo‘yicha dars va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etadi.

Ushbu qaror asosida Astronomiya instituti hududida “Astronomiya va aeronavtika” bog‘i va Planetariy tashkil etiladi. Shuningdek, Astronomiya institutining asosiy va tarixiy binolarini hamda madaniy-tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan teleskoplar pavilonlarini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan.