“Tabiiy birikmalar kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi” mavzusidagi XII Halqaro Simpoziumi

Shu yilning 7-8 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akad. S. Yu. Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutida, shu institut tashkil etilganligining 60 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Tabiiy birikmalar kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi” mavzusida XII Halqaro Simpozium o‘tkazildi.

O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti, Turkiyaning Anadolu Universiteti va Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon fizika va kimyo texnika Instituti mazkur Simpoziumning tashkilotchilaridir. Halqaro Simpozium 1994 yildan buyon ikki yilda bir marotaba O‘zbekistonda, Turkiyada va 2011 yildan boshlab Xitoyda o‘tkazib kelinmoqda. Tashkil etilgan paytidan boshlab 300 dan ortiq tanlangan materiallar O‘zR Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutining  “Chemistry of Natural Compounds” (Ximiya prirodnыx soyedineniy) jurnalida chop etilgan. Chop etilgan materiallar ichida O‘zbekiston yosh olimlarining ilmiy izlanishlari natijalari ham mavjud.

Simpoziumda doimiy ravishda 30 dan ortiq chet davlatlarining ilmiy va ilmiy-ishlab chiqarish markazlari olimlari o‘zlarining olib borgan ilmiy izlanishlarining natijalari bilan ishtirok etdi, tabiiy birikmalarning kimyosi, biologiyasi, farmakologiyasi va texnologiyasi muammolari, dorivor va qishloq xo‘jaligi vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar yaratish va qo‘llash bo‘yicha qizg‘in muhokamalar olib borildi.

XII Halqaro Simpozium ishida horijiy davlatlarning yetakchi ilmiy va ilmiy-ishlab chiqarish markazlarining 80 dan mutaxassislari va olimlari ishtirok etdilar.

Ma’ruzalar tezislari quyidagi mavzular bo‘yicha qabul qilindi:

  1. Tabiiy birikmalar va ularning hosilalarinig kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi.
  2. Tabiiy asosga ega original dori vositalarini yaratish.

Kelib tushgan talabnomalardan Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston davlatlari yetakchi olimlarining ma’ruzalaridan 27 tasi tanlanib olingan.

Simpoziumning ikkinchi kunida uchta seksiyalarida: «Quyi molekulyar bioregulyatorlar», «Dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar» va «Tabiiy birikmalar kimyosi» bo‘yicha 52 ta ma’ruza tinlandi, shuningdek 181 stend ma’ruzalari namoyish etildi.

Ikkinchi kunning oxirida Halqaro Simpozium ishining yakunlari muhokama qilindi va kelajakda Simpozium tematikasi bo‘yicha, yosh mutaxassislarni tayyorlash usullari va muammolarini muhokamasini hisobga olgan holda ilmiy-amaliy yechimlarining rivojlanish yo‘llari belgilandi.