O‘zR FA Prezidiumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Seysmologiya, seysmik chidamli qurilish va O‘zbekiston Respublikasi hududi va aholisining seysmik xavfsizligi sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 09.08.2017 y. PQ-3190-sonli Qarorini amalga oshirish maqsadida 2017 yil 23 avgustda O‘zR Fanlar akademiyasi Prezidiumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Prezident Qarori bilan seysmologiya va seysmik xavfsizlik sohasidagi mas’ul idoralar belgilab olindi, shuningdek,  Seysmologiya, seysmik chidamli qurilish hamda mamlakat hududi va aholisining seysmik xavfsizligi bo‘yicha idoralararo ilmiy-texnik kengash tuzildi.

Qarorga muvofiq G.O. Mavlonov nomidagi seysmologiya instituti seysmik xavf-xatarni turli ko‘lamda baholash va rayonlashtirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi uchun mas’ul davlat ilmiy-tekshirish muassasasi etib, M.T. O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik chidamliligi instituti esa tuproq bilan o‘zaro ta’sirda bo‘luvchi inshootlarning seysmik chidamliligi, seysmik xatarni baholash va pasaytirish muammolari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilishi uchun mas’ul davlat ilmiy-tekshirish muassasasi etib belgilandi. Uchrashuvda Fanlar akademiyasi Ilmiy-tekshirish institutlari (ITI) xodimlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) va Fan va texnologiyalar bo‘yicha agentlik (FTA) vakillari ishtirok etishdi. Seysmologiya instituti direktori S.S. Xusomiddinov hamda Mexanika va inshootlar seysmik chidamliligi instituti direktori R.A. Abirovlar seysmologiya, bino va inshootlarni seysmik chidamli qilib qurish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ma’ruzalar bilan chiqishdi. Muhokamalarda O‘zR FA vitse-prezidenti S.Z. Mirzayev, O‘zR Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari K.M. Aripov, O‘zR FA fizika-matematika va texnika bo‘limi rahbari S.A. Bahromovlar ishtirok etdilar. Uchrashuv so‘ngida Prezident Qaroridan kelib chiquvchi vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi va turli idoralar o‘rtasida o‘zaro harakat mexanizmi aniqlab olindi.