28-avgust kuni “JAHON TAMADDUNI TARIXIDA MARKAZIY OSIYO RENESSANSI” xalqaro konferensiya bo`lib o`tadi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-iyuldagi “Samarqand shahrida “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi” mavzuidagi xalqaro ilmiy konferensiya (28-30 avgust kunlari) o’tkazish bo’yicha tashkiliy choralar haqida”gi 728-F-sonli farmoyishiga muvofiq Markaziy Osiyo olim va mutafakkirlarining abadiy tarixiy merosini chuqur o’rganish va anglash, mamlakat va jahon jamoatchiligini mutafakkirlarimizning aniq, tabiiy fanlar va islom ilmlari rivojiga qo’shgan hissasi bilan tanishtirish, ilmiy markazlar va dunyoning yetakchi olimlarini ularning ishlari va kashfiyotlarini har tomonlama o’rganishga jalb etish, ushbu beqiyos intellektual boylikni ko’z qorachig’idek asrash va ommalashtirish maqsadida shu nomli konferensiya o’tkazilmoqda.  

Mazkur konferensiya 2014-yil Samarqand shahrida «O’rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzuida bo’lib o’tgan konferensiyaning mantiqiy davomidir. Ushbu konferensiyaning muhim xususiyatlaridan biri shundaki, unda allomalarning aniq, tabiiy va gumanitar fanlarning turli yo’nalishlaridagi ishlaridan tashqari IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo Uyg’onish davrining tarkibiy qismlaridan bo’lgan islom ilmlari bo’yicha boy meros ham muhokama qilinadi.

Konferensiya ishida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy va boshqalarning, shuningdek, Imom al-Buxoriy, Burxoniddin Marg’inoniy, Imom Iso at-Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi diniy ulamolarning ilmiy merosi tahliliga  alohida e’tibor qaratiladi.  

Mutafakkir olimlarning ilmiy faoliyati tahliliga bag’ishlangan mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi tadqiqotchilarning ma’ruzalarida Markaziy Osiyoda IX-XII va XIV-XV asrlarda ro’y bergan ilmiy madaniy uyg’onishning turli jihatlari keng yoritiladi.   

Yalpi majlisdan so’ng konferensiya o’z ishini “Markaziy Osiyo Uyg’onish davrida aniq va tabiiy fanlar rivoji»; «Markaziy Osiyo – islom ilmlaridagi ilg’or g’oyalar vatani»; «Markaziy Osiyo Uyg’onish davrida gumanitar fanlar»; «San’at va me’morchilik Markaziy Osiyodagi madaniy uyg’onishning ko’zgusi sifatida» yo’nalishlaridagi 4 ta sho’bada davom ettiradi.

Konferensiya ishida YUNESKO, IHT, AYSESKO, IRSIKA kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar,  diplomatik korpus vakillari,  jahonning yirik muzeylari, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarining ishtiroki kutilmoqda.

Konferensiya o’rta asrlar Markaziy Osiyo olimlarining merosini hamkorlikda o’rganish shaklida mamlakatimiz va yetakchi xorijlik olimlar o’rtasida yaqin ilmiy hamkorlikni yo’lga qo’yish borasidagi muhim bosqich bo’lib qoladi.

  Konferensiya yakunida tezislar to’plamini chop etish rejalashtirilmoqda.