O‘zR FA da “Yoshlik - ilm, fan va tashabbus” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

2017-yilning 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi katta majlislar zalida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV Qurultoyi doirasida iqtidorli yoshlar va yosh olimlarning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga tashrifi hamda “Yoshlik - ilm, fan va tashabbus” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi B.T.Ibragimovning kirish so‘zi bilan boshlandi va ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar tinglandi.

Shundan so‘ng delegatlar tomonidan ilmiy-tadkiqot jarayoni, xususan yoshlarni qiynayotgan muammolar yuzasidan berilgan savollarga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati, Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori, Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari javob berishdi.

Yig‘ilishda Fanlar akademiyasi qoshidagi Yosh olimlar Kengashi raisi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i tomonidan ikkala tizimdagi Yosh olimlar Kengashlari faoliyati yuzasidan axborotlari tinglandi.

Delegatlar va yosh olimlar tomonidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi Yosh olimlar Kengashlari faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirgan holda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qoshida “Yosh olimlar uyushmasi”ni tuzish tashabbusi bildirildi, bu boradagi taklif-mulohazalar muhokama etildi.

Tashrif yakunida delegatlar Fanlar akademiyasi binosi oldida esdalik uchun suratga tushdilar.