“Inson manfaatlari - oliy qadriyat” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir

2017-yilning 23-iyun kuni soat 11:00 da O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining katta majlislar zalida “Inson manfaatlari - oliy qadriyat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Birlashgan kasaba uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Mustaqillik yillarida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mazkur taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish, yangi sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilib 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy qilindi va amaliyotga tadbiq etildi.

Tadbirda taniqli olimlar, soha mutaxassislari, atoqli san’atkorlar, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi xodimlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

        

Tadbirda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilning ustuvor vazifalardan biriga aylangani haqida alohida ta’kidlandi.

Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - Harakatlar strategiyasining doirasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish ekanligini, shuningdek, mazkur “Rivojlanish xaritasi” ning hozirgi kunda erishilayotgan muvaffaqiyatlarimizning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotganligini yana bir bor e’tirof etish orqali fuqarolarimizda, keng jamoatchilik orasida Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilish lozimligini ko‘rsatish, qalbu shuuriga singdirishdan iboratdir.