Akademik Edvard Vasilevich Rtveladzening yubileyi

2017-yilning 14-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida yirik tarixchi-arxeolog olim, akademik Edvard Rtveladze tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov ishtirok etdi, nutq so‘zladi va ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishdagi munosib hissasi uchun FA San’atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, akademik Edvard Rtveladzeni «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotladi.

E.V.Rtveladze - tarixchi-arxeolog olim, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Gruziya Fanlar Akademiyasining xorijiy a’zosi. U 900 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan, 41 monografiya (hammmualliflik ishlari bilan birga) muallifidir. E.V.Rtveladzening 500 dan ortiq ilmiy maqolalari mamlakatimiz hamda Rossiya, Angliya, Gretsiya, Gruziya, Hindiston, Italiya, Qozog‘iston, Koreya, Polsha, AQSh, Fransiya, Yaponiyada chop etilgan, ko‘plab xalqaro konferensiyalar qatnashchisi. Uning rahbarligi va ishtirokchiligida 100 dan ortiq arxeologik ekspeditsiyalar uyushtirilgan.

Tantanali yig‘ilishda so‘zga chiqqan akademik A.A.Asqarov, FA bosh ilmiy kotibi B.T.Ibragimov, FA Tarix instituti bo‘lim mudiri, prof.D.Alimova, prof.A.X.Saidov,  Gruziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi K.Jgenti, Fransiyadagi hamkasb olim va boshqalar O‘zbekiston tarixi hamda san’atshunoslik fanlari taraqqiyotida E.V.Rtveladzening ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlari va ko‘lamli arxeologik izlanishlari alohida o‘rin tutishi, olimning nafaqat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo, balki butun Yevroosiyo tarixi bilan bog‘liq keng kamrovli ilmiy tadqiqotlari va ishlanmalari mamlakatimiz hamda dunyoning yetakchi ilmiy markazlari tomonidan tan olinganligini ta’kidladilar.

Akademik olim o‘zining ilmiy tadqiqot faoliyatini yuksak malakali kadrlar tayyorlash vazifasi bilan birgalikda olib borib, uning rahbarligida 14 ta fan doktori va nomzodlari dissertatsiya himoya qilganlar. E.V.Rtveladze respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (2010-2015), ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlarining a’zosi sifatida tanilgan.

E. V.Rtveladze ilm-fan tarakkiyotiga qo‘shgan hissasi uchun 2 ta O‘zbekiston Davlat mukofotlari, «Buyuk xizmatlari uchun» va «Mehnat shuhrati» ordenlari, «Avliyo Konstantin» ordeni (Gretsiya), «Shon-sharaf» ordeni (Gruziya), O‘zbekiston Badiiy akademiyasining oltin medali va «Madaniyatni tadqiq qilishdagi buyuk xizmatlari uchun» diplomi, «Buyuk ipak yo‘li» kitobi uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining I darajali diplomi (2001) bilan taqdirlangan.