X Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi

 

2017-yilning 10-12 may kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida X Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkaziladi.

Tadbir tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning O‘zbekiston akademiklari va yetakchi olimlari bilan uchrashuvida qo‘yilgan vazifalaridan kelib chiqib, ustuvorlik iqtisodiyot sohalarining aniq muammolari yechimiga qaratilgan innovatsion texnologiyalarga beriladi. Aynan shu maqsadlarda “Joriy qilingan innovatsion ishlanmalar” yo‘nalishi tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishda ishlab chiqaruvchi yirik korxonalarda ilg‘or innovatsion texnologiyalar asosida seriyali ishlab chiqarilayotgan 62 ta mahsulot taqdim etiladi.

X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 14 ta ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘zlarining 86 ta ilmiy ishlanmalari bilan qatnashadilar.

Yarmarka doirasida III Toshkent xalqaro innovatsion forumi bo‘lib o‘tadi. Forumning asosiy vazifasi – dunyoda innovatsiya tizimlarining rivojlanish tendensiyalari, innovatsiya faoliyatining rivojlanish holati, muammolari va istiqbollarini tahlil qilish, milliy innovatsiya tizimini shakllantirishda turli omillarning o‘rnini aniqlash, innovatsion iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash masalarini muhokama qilish hamda O‘zbekistonni innovatsion faolligi yuqori bo‘lgan hududga aylantirishdan iborat.

Ushbu Forum asosan O‘zbekiston-Germaniya davlatlarining innovatsiyalar sohasidagi hamkorliklari istiqbollariga bag‘ishlanadi. Shu maqsadda tadbir doirasida «O‘zbek-Nemis innovatsion muloqoti – bilimlarga asoslangan jamiyat qurish kelajagi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Xalqaro konferensiyada 2 ta sho‘ba ish olib boradi.

Forum ishida Germaniya, Bolgariya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya, O‘zbekiston, shuningdek BMT, YUNESKO, Jahon banki va boshqa chet el tashkilotlarining yetakchi olimlari, mutaxassislari va ekspertlari ishtirok etishadi.