Arxeolog olim Kyudzo Kato vafot etdi

12-sentyabr kuni Surxondaryo viloyatida arxeolog olim, Yaponiya Milliy etnologiya muzeyi faxriy professori, «Do‘stlik» ordeni sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi Kyudzo Kato 94 yoshida vafot etdi.

25 yildan ziyodroq davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va turli ilmiy institutlari bilan hamkorlik qildi, har xil loyihalarda qatnashib, Surxondaryo viloyatida arxeologik qazishmalarni (Dalvarzintepa, Qoratepa, Xolchayon, Fayoztepa) o‘tkazdi. Uning tadqiqotlari natijalari O‘zbekiston tarixi bo‘yicha maktab darsliklarida ham o‘z aksini topdi.

O‘zbekiston to‘g‘risidagi ko‘plab ilmiy ishlar muallifi, yapon professori mamlakatimizning yaqin do‘sti edi va o‘zbek xalqini sevar edi. U ushbu zaminni o‘zining ikkinchi Vatani deb atardi.