Ilm-fan – iqtisodiyot taraqqiyotning muhim omili

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi yil arafasida – 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyondalari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, tijorat banklari rahbarlari, Fanlar akademiyasi a’zolari, yetakchi oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilning 29-dekabrida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish» to‘g‘risidagi PF-4907-sonli farmonida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ilm-fanning o‘rnini yanada mustahkamlash, akademiklar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.

Ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish muhimligi alohida qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi uchrashuvlarida ilgari surilgan takliflar, jumladan, zamonaviy texnoparklar, Akademiklar shaharchasida erkin iqtisodiy hudud maqomiga ega bo‘lgan Innovatsion markaz tashkil etish bo‘yicha tashabbusi ilmiy-tadqiqot institutlari, ta’lim muassasalari va sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, sohaga mahalliy va xorijiy investorlarni keng jalb etish imkonini berishi ilm-fan ahli tomonidan alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotimizning barcha sohalari taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni, ahamiyati g‘oyat katta ekani, bu borada davlatimiz birinchi galda Fanlar akademiyasi va olimlarga suyanishini alohida ta’kidladi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilning 29-dekabrida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish» to‘g‘risidagi PF-4907-sonli Farmonini so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.