Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Tabiiy asosli yangi avlod preparatlari


OʼzR FА akademik O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo institutida shirinmiya ildizidan birinchi marotaba ajratib olingan glitsirrizin kislota asosida qator preparatlar, shu jumladan, supramolekulyar kompleksi - DАG-1 ishlab chiqildi. Supramolekulyar kompleks taʼsiri biokimyoviy mexanizmini oʼrganish asosida birinchi marta ularning gʼoʼzani shoʼrlanish va fitopatogenlarga qarshi chidamlilikni oshirish induktorlari ekanligi aniqlandi. Ushbu preparatlar nanodozalarda (10-7M) gʼoʼzaning stress chidamliliga javobgar proantioksidant tizimi fermentlari faolligini sezilarli darajada oshiradi, preparat oʼsish energiyasini oshirib, chigitning dalada unib chiqishini tezlashtiradi va gʼoʼzaning qimmatli xoʼjalik belgilarini yaxshilaydi.

2018-yil 26-mayda Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yuz bergan “tuz boʼroni” oqibatlarini tugatish maqsadida fermer xoʼjaliklari paxta maydonlarida DАG-1 va DАG-2 preparatlari qoʼllanildi. Fermer xoʼjaliklari Аssotsitsiyasining xulosalariga koʼra, preparatlar bilan ishlov berilgan maydonlarda paxta hosili yaxshi olingan.

DАG-1 va DАG-2 preparatlarini Sirdaryo va Toshkent violoyatlarida keng miqyosda joriy etish uchun OʼzR FА Bioorganik kimyo instituti Fermentlar kimyosi laboratoriyasida DАG-1 preparati hamda respublika paxta zavodlarida chigitlarga ishlov berishda qoʼllaniladigan “Vitovaks” va “P-4” fungitsidlari bilan kompozitsiya yaratish maqsadida biokimyoviy tadqiqotlar oʼtkazildi.

Natijalar preparatlarning bir-biriga mos kelishini, sinergetik taʼsir etishini koʼrsatdi. Kompozitsiya ildiz tizimini nazoratga nisbatan 4-5 marotaba uzaytirdi, gʼoʼza oʼsishi va rivojlanishiga javob beruvchi antioksidant tizimi fermentlari faolligini oshirdi.

Fermerlar maʼlumotiga koʼra, DАG-1 preparati va P-4 fungitsidi kompozitsiyasi bilan ishlov berilgan chigitlar nazoratdagiga nisbatan gʼoʼza nihollari baquvvat ildiz tizimiga ega, ushbu fermer xoʼjaliklaridagi gʼoʼzani rivoji boʼyicha Boyovut tumanidagi boshqa paxta maydonlariga nisbatan oldinda bormoqda va paxta terimi natijalariga koʼra hosildorlik 6-7 sentnerga ortgan.

OʼzR Qishloq xoʼjaligi vazirligi roziligi hamda “Oʼzpaxtasanoat” tavsiyalari asosida hozirgi kunda Sirdaryo viloyatining Boyavut tumani “Baxt” paxta tozalash zavodida 2020-yil paxta hosili uchun 900 tonna urugʼlik chigitni DАG-1 va P-4 fungitsid kompozitsiyasi bilan ishlovlanishiga shartnoma tuzildi. Bu urugʼlik chigitlar klaster xoʼjaliklarining 30000 gektar shoʼrlangan yer maydonlariga ekiladi. Sirdaryo viloyatida “Malik” paxta tozalash zavodida 75 tonna urugʼlik chigitini kompozitsiya bilan ishlovlanib, 2500 gektar shoʼrlangan maydonlarga ekiladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!