Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Respublika yosh astronom talabalarining seminar-treningi o‘tkazildi


Buyuk mutafakkir olim, davlat va jamoat arbobi Mirzo Ulug‘bekning 625 yilligiga bag‘ishlab Samarqand davlat universitetida seminar-trening o‘tkazildi. Ushbu anjuman O‘zR FA Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti va Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Har yili O‘zR FA Astronomiya instituti tomonidan o‘tkazilishi an’anaga aylanib qolgan bu turdagi seminar-treninglarning joriy yildagisi Samarqand shahrida o‘tkazildi.

Anjumanda Andijon davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Jizzax pedagogika instituti, Qarshi davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Samarqand davlat universiteti talaba va magistrantlari qatnashdilar.

 

Anjuman avvalida ishtirokchilar Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyiga tashrif buyurdilar. Shundan so‘ng qatnashchilarga “Mirzo Ulug‘bek vorislari” filmi namoyish etildi.

Seminar-trening davomida O‘z FA Astronomiya institutining yetakchi mutaxassis olimlari va yosh tadqiqotchilari talabalarga astronomiya, nazariy va amaliy astrofizika bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidilar, maxsus amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar hamda ularni astronomiya fani sohasidagi oxirgi yangiliklar bilan tanishtirdilar. Qatnashchilar ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari SamDU qoshidagi Astronomiya ilmiy-o‘quv markazidagi Grabb Parsons teleskopida bo‘lib, u yerda tungi kuzatuvlar o‘tkazdilar. Ko‘zgusining diametri 48 sm bo‘lgan professional teleskop yordamida Yupiter, Mars, Saturn sayyoralari, Oy va boshqa osmon jismlari kuzatishi va zamonaviy yorug‘lik detektori yordamida bu yoritkichlarning tasvirlari olishni o‘rgandilar. Jonli kuzatuv bo‘lajak astronomlarda juda katta taassurot qoldirdi.

Anjuman yakunida seminar-trening ishtirokchilari va yosh olimlar sertifikatlar bilan taqdirlandilar hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdilar.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!