Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623
Sayt test rejimida ishlamoqda

Perseida yog‘dusi


Har birimiz umrimizda bir marta bo‘lsa ham yulduzlar yog‘dusini ko‘rganmiz. Yulduzlar yog‘dusi – kichik kosmik jismlar (meteroidlar) katta tezlikda Yer atmosferasiga uchib kiradigan ajoyib astronomik hodisadir. Havo muhitida ishqalanishi tufayli ular qizib, yonadi va o‘zidan nur taratadi.

Ammo bu go‘zal hodisani ko‘rish uchun shahar chiroqlaridan olisga borish kerak. Ilova qilingan suratlar Toshkentdan 60 km uzoqlikdagi Suranota tog‘ida tasvirga tushirilgan. Yer o‘z o‘qi atrofida aylanayotib, meteorlar oqimiga duch kelsa, manzara yanada go‘zallashadi.

Yil davomida 20 dan ziyod meteorlar oqimi kuzatiladi, ammo ularning eng chiroylisi Perseida yog‘dusidir. Uni har yili 10 avgustdan 20-avgustga qadar kuzatish mumkin. Bu yog‘du faolligi odatda 12-13-avgust kunlari kuchayadi, shu kunlari bir soat ichida 100 gacha yorqin meteorni ko‘rish mumkin. Yer kurrasining Shimoliy yarim sharida yashovchilar, jumladan, o‘zbekistonliklar ham uni kuztishdi. Avgustda Perseya yulduzlar g‘ujini butun oqshom davomida kuzatish mumkin, kechalarimiz iliq bo‘lgani uchun bu meteorlar oqimini kuzatish uchun barcha sharoitlar muhayyo. Undan tashqari, shu payt Oy ham ko‘rinmasdi, uning nurlari yozning eng muhim meteorli yomg‘irini kuzatishga halaqit bermadi. Toshkent kengliklarida avgustda Perseya yulduzlar turkumi kechasi mahalliy vaqt bilan taxminan soat 23:00 larda osmonning shimoliy-sharqiy qismida, Kassiopeya yulduzlar turkumidan pastroqda va chaproqda chiqadi hamda shaklan «W» harfini eslatadi. Tun davomida bu meteorlar oqimi faolligi ortib boradi va ertalab soat 4:00 ga kelib avjiga chiqadi, shu payt Perseya yulduzlar turkumi eng yuqori cho‘qqiga chiqadi.

Perseidalar bu – Svift-Tattl kometasi dumidan chiqadigan muz, toshchalar va chang zarralari. Kometa 135 yil davomida Quyosh atrofini aylanib chiqadi. U o‘z yo‘lida zarralaridan iborat iz qoldiradi. Yer kurrasi Quyosh atrofida aylanayotib, har yili mana shu izga duch keladi. Yerdan qaraganda atmosferada yonayotgan zarralar Perseya yulduzlar turkumidan chiqayotgandek taassurot uyg‘otadi, shu sababli ham yulduzlar oqimi Perseida deb nom olgan.

O‘zR FA Astronomiya instituti


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!